Xorazmda talabga javob bermaydigan armatura aniqlandi
Bino va inshootlar mustahkamligi, pirovardida esa insonlar xavfsizligi qurilish materiallarining sifatiga bevosita bog‘liq.
Shu bois, bozorlarimizga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan mahsulotlarning standartlarga muvofiqligi doimiy nazoratni talab etadi. Yaqinda o‘tkazilgan navbatdagi tekshiruvlar esa qurilish bozorlaridagi jiddiy muammoni yuzaga chiqardi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Xorazm viloyati bo‘limi mutaxassislari tomonidan Urganch shahridagi savdo do‘konlarida navbatdagi nazorat xaridi tadbirlari o‘tkazildi.

Nazorat tadbirlari jarayonida Eron Islom Respublikasining "Khorasan Steel Company"(KSCCO) korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan, diametri 14 mm. bo‘lgan A400 rusumli armatura mahsulotidan belgilangan tartibda namunalar olindi.
Olingan namunalar maxsus laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilganda, achinarli holat ayon bo‘ldi. Kimyoviy tahlillar natijasiga ko‘ra, armaturaning tarkibidagi uglerod (C) miqdori amaldagi davlat standartlarida belgilangan talablarga mutlaqo javob bermasligi aniqlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, qurilish armaturasida uglerod miqdorining me’yordan og‘ishi metallning qayishqoqligi va payvandlanish xususiyatiga jiddiy putur yetkazadi. Bu esa bino karkasining mustahkamligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining "Standartlashtirish to‘g‘risida"gi qonuni talablarini qo‘pol ravishda buzish deb baholandi.
Inspeksiya tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va sifatsiz mahsulotning qurilish ob’ektlariga kirib borishining oldini olish maqsadida savdo do‘koniga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi.
Xususan, ushbu brend ostidagi sifatsiz armatura partiyasini zudlik bilan savdodan chiqarish hamda belgilangan tartibda utilizatsiya qilish bo‘yicha majburiy taqdimnoma kiritildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA