Texnik va raqamli yechimlar bo‘yicha hamkorlik rivojlantirilmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va Xitoyning “Jereh group” kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari va istiqbolli yo‘nalishlar xususiad so‘z bordi.
Unda tomonlar muloqot davomida neft va gaz quduqlarini burg‘ilash hamda ta’mirlash ishlarida qo‘llaniladigan maxsus texnikalardan samarali foydalanish, servis xizmatlarini takomillashtirish masalalarga ham e’tibor qaratdi. Shuningdek, Sho‘rtan konidagi 24 ta kichik kompressor bloki va Ustyurt boshqarmasining Shimoliy va Sharqiy Berdaq konlariga olib kelingan 10 ta kompressor bloki bo‘yicha barqaror ishlashni ta’minlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ishga tushirish ishlari muhokama qilindi.
“O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” korxonasi uchun 2 ta sementlash agregati hamda Muborak va Ustyurt boshqarmalari uchun 2 ta koltyubing va azot qurilmalari bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar davomida kichik kompressorlarga servis xizmati, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlariga raqamli yechimlarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA