Xorazmda madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi tomonidan Mahmud Zamaxshariy nomli viloyat axborot-kutubxona markazida ommaviy axborot vositalari, jurnalist va ijodkorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist A.Sobirov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari G.Ibodullayeva, “Xorazm haqiqati" va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri S.Rahimberganova, taniqli shoir, yozuvchi va publitsist Qurbon Muhammadrizoning “O‘zbekiston– inson manfaatlari qadrlangan yurt” hamda “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit yaratishda va davlat islohotlarini yoritishda OAV larining roli” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
– “Eng ulug‘, eng aziz” bayramimiz oldidan o‘tkazilayotgan bugungi anjumanmiz tajribali vakillarimizning mahoratini yoshlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi uyushmaning viloyat bo‘limi raisi Dilbar Bekchanova. – Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar, o‘zgarishlar har bir ijodkorning, jurnalistning kundalik faoliyatida aks etishi lozim. Bugun biz bo‘limimiz tomonidan tayyorlangan “Moziyga qaytib: Xorazm jurnalistikasi 1960-1990-yillarda” mavzusidagi fotolavhalar namoyishini ham qildik. Shuningdek, viloyat axborot-kutubxona markaziga “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” to‘plamlari va “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi taqdim qilindi. Chunki, bu joy yosh jurnalistlar va publitsistlar uchun mahorat va bilim maktabi bo‘lishi lozim.
Tadbir doirasida Shukurjon Jabborovaning “Shovotda otgan tonglar”, “Ulug‘lardan ruh olgan tabib” kitoblarining taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitob taqdimoti yuzasidan so‘zga chiqqanlar Xorazmning o‘tmishi va kelajagi tarannum etilgan mazkur kitobning ahamiyati va mohiyati haqida atroflicha gapirdi.
[gallery-31143]
Bayram arafasida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan ijodkorlarga guvohnomalar hamda ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, jurnalistlar uyushmasi a’zolari va ommaviy axborot vositalari faollari uyushma viloyat bo‘limining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir fikr-mulohazalar hamda mustaqillik mushoirasi bilan yakunlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari