Chimboy va Taxiatoshda maktab, Beruniyda bog‘cha foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida Chimboy tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 47-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Taxiatosh tumanidagi “Oydin yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 23-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Beruniy tumani Abay ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 60-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
“Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 47-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi 330 o‘ringa mo‘ljallangan. Qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 13 milliard 450 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Zamonaviy va barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lgan yangi maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va pedagoglar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratildi.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida Taxiatosh tumanida yana bir quvonchli voqea - yangi ta’lim dargohi o‘z eshiklarini ochdi.

“Oydin yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 23-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 176 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uning qurilish-ta’mirlash ishlariga 8 milliard 496 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Zamonaviy sharoitlarga ega yangi maktab endilikda hududdagi o‘quvchilar uchun sifatli ta’lim olish va o‘z iqtidorini namoyon etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Beruniy tumani Abay ovuli fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 60-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot fondi dasturi doirasida qishloq hududlarda yashovchi bolalar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida barpo etildi.

90 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlar bilan ta’minlandi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun jami 4 milliard 900 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Yangi ta’lim muassasasining foydalanishga topshirilishi hududdagi bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri