Xorazmda 35 nafar yetim bolaning xatna to‘yi o‘tkazildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan "Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarda voyaga yetayotgan 35 nafar yetim bolajonning xatna to‘ylari tashkil etildi.
Ezgulik, mehr-oqibat va saxovat tamoyillari asosida o‘tkazilgan ushbu tadbir bolajonlar va ularning oila a’zolari uchun unutilmas bayramga aylandi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbariyati, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik va saxovat qadriyatlarini yanada mustahkamlash, ayniqsa, yetim va ehtiyojmand bolalarni qo‘llab-quvvatlash ezgu amallarning eng ulug‘laridan biri ekanini ta’kidladi.

Tadbir avvalida barcha bolalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, ularning yuzidagi quvonch va samimiy tabassum bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Tadbir davomida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan amalga oshirilayotgan xayriya ishlari alohida e’tirof etildi.
– Bunday xayriya tadbirlari bolalarning qalbiga quvonch ulashish, ularni jamiyat e’tiborida ekanini his qildirish bilan birga, jamiyatda birdamlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqov. – "Vaqf" xayriya jamoat fondi bundan buyon ham jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, yetim va boquvchisini yo‘qotgan bolalar hamda ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish yo‘lidagi ezgu faoliyatini izchil davom ettiradi.

Bayram dasturi bolalarga quvonch ulashish maqsadida turli madaniy-ko‘ngilochar chiqishlar bilan boyitildi. Taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, bolalar uchun maxsus tayyorlangan shou dasturlar va qiziqarli o‘yinlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bayram yakunida ushbu ezgu tadbirning tashkil etilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha homiylar, saxovatpesha insonlar, mutasaddi tashkilotlar hamda fidokor xodimlarning xizmatlari e’tirof etildi. Ularning barchasi haqqiga duoyi xayrlar qilinib, amalga oshirilayotgan xayrli ishlar bardavom bo‘lishi, yurtimizda mehr-muruvvat va saxovat an’analari yanada rivoj topishini tilab, duo qilindi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri