Chang bosgan binolar — boy berilgan imkoniyatlar
Qulflangan har bir bino, foydalanilmayotgan har bir yer maydoni — bu yo‘qotilgan investitsiya, boy berilgan ish o‘rni va mahalliy byudjetga tushmay qolgan mablag‘ demakdir. Sirdaryo viloyati hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aynan shu dolzarb masala tanqidiy ruhda muhokama qilinib, mas’ullar oldiga qat’iy vazifalar qo‘yildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan muhokamada bo‘sh turgan davlat va xususiy ob’ektlardan samarali foydalanish, yer maydonlarini investitsiyaga tayyorlash hamda sun’iy byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, iyul oyida viloyatdagi 462 ta bo‘sh ob’ektning 95 tasi yoki 21 foizi iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan. Biroq qolgan ob’ektlar hali ham o‘z egasiga ham, davlatga ham manfaat keltirmayapti.

Muhokama davomida Yangiyer shahrida 73 ta, Sirdaryo tumanida esa 46 ta bino 6–7 yildan buyon bo‘sh turgani keskin tanqid qilindi.

— Binoni qulflab qo‘yib, "egasi bor" deb o‘tirish bilan ish bitmaydi. Bu ob’ektlar ishlab chiqarish maydoniga, xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga yoki yangi korxonaga aylansa, yuzlab odamlar ish bilan ta’minlanadi, mahalliy byudjetga soliq tushumlari ortadi, — deya ta’kidladi viloyat rahbari.

yana bir tashvishli holatga e’tibor qaratildi. Bo‘sh turgan 103 ta ob’ektning soliq qarzi 26,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Ularni undirish uchun qariyb 25 milliard so‘mlik ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosiga yuborilgan bo‘lsa-da, amalda yetarli natijaga erishilmagani qayd etildi.

Tijorat banklari balansidagi 73 ta noturar bino ham iqtisodiy aylanmadan chetda qolmoqda. Masalan, Boyovut tumanidagi 2,2 gektar maydonda joylashgan sobiq molxona ishlab chiqarishga jalb etilganda, har yili mahalliy byudjetga kamida 100 million so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi mumkin edi.
Yer maydonlaridan samarali foydalanish masalasi ham tanqid ostiga olindi. Ayni paytda viloyatda 150 gektar noqishloq xo‘jaligi yerlari auksion orqali sotilmay turibdi. Vaholanki, ushbu yerlar sotilishidan tushadigan mablag‘ning yarmi mahalliy byudjetlarda qoladi.

Muammoning asosiy sababi sifatida yerlarni savdoga tayyorlash jarayonidagi kamchiliklar ko‘rsatildi. Ayrim hollarda infratuzilmasiz, elektr energiyasi, suv tarmog‘i va avtomobil yo‘li yetib bormagan hududlar tadbirkorlarga taklif etilayotgani investorlarning qiziqishini pasaytirmoqda.
Viloyat hokimi bu borada Kadastr, Arxitektura hamda mahalliy hokimliklar faoliyatini keskin tanqid qilib, mas’ullarga o‘zaro mas’uliyatni bir-biriga yuklash amaliyotiga barham berish lozimligini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari hamda tegishli idoralar rahbarlariga o‘n kun muddatda sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish, infratuzilmasiz yer maydonlarini auksiondan chiqarib, tadbirkorlik uchun to‘liq tayyorlangan yerlarni savdoga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Muhimi, bu muhokama faqat raqamlar tahlili bilan cheklanib qolmadi. Har bir bo‘sh bino va har bir foydalanilmayotgan yer maydoni ortida yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha soliq tushumlari va aholi farovonligini oshirish imkoniyati turgani alohida urg‘ulandi. Endi asosiy vazifa — ushbu imkoniyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri