Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qo‘shko‘pir tuman madaniyat markazida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari O‘ktam Masharipov hamda Qo‘shko‘pir tumani hokimi Shuhrat Ahmedov ishtirok etdi. Tadbirda tuman yoshlari bilan ochiq va samimiy muloqot olib borildi.

Uchrashuv davomida yoshlarning dolzarb muammo va takliflari tinglanib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.
***
Yangibozor tumanida aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan keng qamrovli tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik respublikadan kelgan malakali mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilib, fuqarolar chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Jarayonda turli yo‘nalishlar bo‘yicha shifokorlar tomonidan bepul maslahatlar berilib, aniqlangan kasalliklar yuzasidan tegishli tavsiyalar taqdim etildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlari ham amalga oshirildi.
***
Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Sh.Muhamatov tomonidan Prezidentning tegishli qarorlari ijrosi Urganch tumanidagi Tadqiqotchilar va Bobodehqon mahallalarida o‘rganildi.
Unda Bobodehqon mahallasidagi elektr ta’minoti, ko‘prik va yo‘l qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida viktimologik va ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish yuzasidan vazifalar belgilandi.
***
Urganch innovatsion universitetida “Talabalar bahori – 2026” festivali doirasida milliy qadriyatlarimiz hamda an’analarimizni namoyon etuvchi “Osh chempionati” bo‘lib o‘tdi.

Jarayonlarda universitet ma’muriyati, professor-o‘qituvchilari va talabalar faol ishtirok etdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA