Xorazm viloyati hokimi sportchi yoshlar bilan uchrashdi
Payshanba – yoshlar kuni munosabati bilan Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Urganch Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yoshlar bilan uchrashdi.
Urganch Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sportning olimpiya va milliy turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlovchi asosiy baza hisoblanadi.
Joriy o‘quv yilida markazda 456 nafar o‘quvchi sportning 26 ta turi bo‘yicha o‘z mahoratini oshirib kelmoqda. Ular uchun mukammal ta’mirlangan sport inshootlari, yotoqxona, oshxona, sport zallari tashkil qilingan.
Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov dastavval mazkur sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Sportchi yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazib, ularning yutuqlari, kelgusidagi maqsadlari bilan qiziqdi.
Markazdagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, uchrayotgan muammolarni bartaraf etishda tashkilot rahbarlari bilan birgalikda yechim izlandi. Ayniqsa, yoshlarning sport sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqaro maydonlarda, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida munosib ishtirokini ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
So‘ngra bir stol atrofida rahbar va yoshlar jamlandi. Suhbatlar samimiy, rasmiyatchilikdan holi ochiq muloqot tarzida kechdi. Yoshlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar, taklif va tashabbuslarni bemalol bayon qildi.
Viloyatning birinchi rahbari esa har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, ijobiy yechim topish masalasini jiddiy topshiriqlar asosida mutasaddilarga yo‘naltirdi.
Murojaatlar ishga joylashish, moddiy ko‘mak, sport inventarlari bilan ta’minlash, sport zallari ta’miri singari masalalarda bo‘ldi.
Gulruhsor Xudarganova dzyudo bo‘yicha Osiyo kubogi chempioni. Mashg‘ulotlar uchun moddiy ko‘mak zarurati bilan viloyat hokimiga yuzlandi. Gulruhsor singari yana bir nechta sportchi yoshlarning bu boradagi masalalari shu yerning o‘zida ijobiy hal qilindi.
[gallery-29108]
– Sportchi uchun eng katta kuch e’tibor va ishonchdir, – deydi Dzyudo bo‘yicha Osiyo kubogi chempioni Gulruhsor Hudarganova. – Osiyo kubogida g‘olib bo‘lganimdan so‘ng oldimga yanada katta maqsadlarni qo‘ygandim, lekin mashg‘ulotlar va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishda moddiy jihatdan biroz qiyinchiliklarga duch kelayotgandik. Bugun viloyat hokimimiz bilan ochiq muloqot qildik, muammoni aytdik. Murojaatimiz shu yerning o‘zida hal etilganidan xursandman. Endi bor e’tiborimni faqat mashg‘ulotlarga va O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga qarataman.
Yoshlar bilan ishlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish hamda barcha sohada munosib sharoitlarni yaratish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Bu uchrashuvlar nafaqat yoshlarning muammo va takliflariga yechim bo‘ladi, balki ularning faolligini oshirish, davlatimizning yoshlarga g‘amxo‘rligini dildan anglashlariga ko‘mak beradi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari