Xorazm: Qadimiy sivilizatsiya va yangi innovatsion turizm markazi
Tashrifdan tashrifgacha
Bugun Xorazm viloyati qadimiy meros va zamonaviy taraqqiyot uygʻunlashgan, turizm, sanoat hamda xizmat koʻrsatish sohalarida Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan yirik logistika va innovatsiya markazlaridan biriga aylanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning barcha hududlari singari Xorazm viloyatiga boʻlgan tashrifi chogʻida qadimiy va navqiron diyor nafaqat sayyohlik, balki xalqaro biznes, investitsiyalar va eksport uchun muhim strategik nuqtaga aylanishi lozimligini taʼkidlab, vazirlardan tortib viloyat rahbariyati va masʼullari oldiga yana ulkan vazifalar qoʻyadi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida ham xalq farovonligi, yurt ravnaqini taʼminlab, yuksak marralarga eltuvchi topshiriqlar berilgan edi.
Xorazm zaminida bugun katta bunyodkorlik, iqtisodiy va ijtimoiy yangilanishlar davri kechmoqda. Misol uchun, viloyatda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2016-yilga qadar 5,9 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilga kelib, 31 million soʻmga yetdi yoki 5 barobarga oʻsdi. Oʻsha davrda viloyat iqtisodiyotida yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,3 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan 73 trillion soʻmni tashkil etib, 1,8 barobarga oʻsishi kutilmoqda.
Bu koʻrsatkich shunchaki raqam emas, balki hududda belgilangan strategik maqsadlar shunchaki qogʻozda qolmay, hayotga izchil tatbiq etilayotgani, sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasidagi jonlanishning amaliy ifodasidir.
Ayni paytda viloyatda sanoat sohasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan korxonalar soni 4 ming 98 tani, shu jumladan, kichik korxonalar soni 4 ming 61 tani tashkil qiladi. Ochigʻi, bundan oʻn yillar oldin viloyatda ularning soni 2 mingtaga ham yetmasdi. Sanoat tarmoqlarida esa toʻqimachilik va tekstil sanoati yetakchilik qilar edi. Biroq, sanoat tarmoqlarini diversifikatsiyalanishi natijasida soʻnggi yillarda avtomobilsozlik sanoati rivojlanib, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatiga bogʻliqligi keskin kamaydi. Bugun sanoatning boshqa tarmoqlarida ham oʻsish zanjiri uzluksiz davom etmoqda.
Shu yil yakuniga qadar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 40,4 trillion soʻmga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun esa ichki imkoniyatlarni tiklash, investitsiya va yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali umumiy qiymati 939 million dollarlik 528 ta yangi loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali 15 trillion soʻmlik yangi quvvatlar yaratilib, 8 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari ochiladi.
Misol tariqasida “Xorazm shisha idishlari” MCHJ, ”UzXCMG“ MCHJ, ”URGANCH CLUSTER" MCHJ kabi korxonalarni keltirish mumkin. Birgina Urganch shahridagi “Arton Urgench Invest” korxonasini 16 million dollarlik investitsiya evaziga yiliga 200 ming kub avtoklavlangan gazoblok ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Loyiha toʻliq quvvatga chiqqach, yiliga 250 milliard soʻmlik mahsulot yetkazib beradi.
Sanoat loyihalarini ishga tushirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, viloyatda 21 ta kichik, 10 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik sanoat zona”lari hamda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Bugungi kunga qadar kichik sanoat zonalarida 431,1 milliard soʻmlik 180 ta loyihalar ishga tushgach 2 ming 212 ming nafar hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik sanoat zonalarida 78,3 milliard soʻmlik 70 ta loyihalar ishga tushirilgach mingga yaqin aholining ish joyi aniq boʻldi.
Viloyatda 2017-2026-yillar davomida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 406 barobarga ortgan boʻlib, ayni paytda yillik miqdor 2,5 trillion soʻmni tashkil etadi.
Hududda investitsiya faolligi ham yuqorilab bormoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 691 million dollar xorijiy sarmoya oʻzlashtirilgan boʻlsa, yil yakuni bilan bu koʻrsatkich 2 milliard dollarga yetadi. Eksport geografiyasi va hajmi yanada kengayib, yil yakunida 540 million dollarlik mahsulot tashqi bozorlarga chiqarilishi kutilmoqda.
Xorazm dehqonlarining mahorati bu yil ham oʻz soʻzini aytdi. Gʻallachilikda hosildorlik 94 sentnerdan 100 sentnerga koʻtarilib, 332 ming tonna don yigʻib olindi. Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarning 48,5 ming gektardan ortiq maydonda joriy qilinishi 320 million metr kub suvni tejash imkonini bermoqda. Hududiy ixtisoslashuv va chorvachilik imkoniyatlaridan kelib chiqib, Tuproqqalʼa tumanida yangi tizim asosida ekin maydonlari taqsimoti qayta koʻrib chiqildi. Paxta va gʻalla maydonlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar joylashtirilib, chorva mollari sonini yana 7 ming boshga koʻpaytirishga zamin yaratildi. Viloyat boʻyicha yil yakuniga qadar 200 ming tonna goʻsht va 1 million 200 ming tonna sut, 525 million dona tuxum va 40 ming tonna baliq, 1 million tonnadan ortiq meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish maqsad qilingan.
Joriy yilning yakuni bilan viloyatda 7300 xonadonli 180 ta koʻp qavatli uy-joylar qurib bitkaziladi. Hozirda ularning 55 tasi, yaʼni 2 ming 115 xonadon foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 8 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish boʻyicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Mazkur massivlarda 20 mingta xonadonli 600 ta koʻp qavatli uy-joylar, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish obyektlari bilan kompleks tarzda qurilmoqda.
Xorazmda transport va turizmni rivojlantirish bu shunchaki yoʻl solish yoki mehmonxona qurish emas, balki mintaqa va umuman mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim strategik ahamiyatga ega muhim omildir.
Prezidentimizning oldingi tashrifi chogʻida ilgari surgan tashabbusi bilan Urganch shahridan Xiva shahri markazigacha olib boruvchi yangi yoʻnalishdagi 35 kilometr asfaltbeton qoplamali pullik avtomobil yoʻli barpo boʻldi. Loyiha doirasida 8 ta yoʻl oʻtkazgich, 15 ta koʻprik, 4 ta tunnel hamda 106 ta suv oʻtkazish inshootlari va toʻrt tasmali shaklda avtomobil yoʻli qurilmoqda. Bugungi kunda ushbu obyektda soʻnggi qurilish – montaj ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Kunlik 20 mingtadan ortiq transport vositasiga xizmat koʻrsatadigan ushbu yoʻli ishga tushsa, Urganch va Xiva shaharlari oʻrtasidagi masofa vaqti oʻrtacha 1 soatdan 17 daqiqaga, yaʼni 3 barobarga qisqaradi.
Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi ushbu hudud aholisining hayotini tubdan oʻzgartiradi deb bejizga taʼkidlamadik. Chunki, 2017-yil 27-28-yanvar kunlari Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davomidagi tashabbusi asosida Urganchdan Xivagacha 30 kilometrlik temir yoʻli barpo etilib, Xiva shahrida zamonaviy vokzal ishga tushirildi. Joriy yil 5-may kuni “Jaloliddin Manguberdi” nomli yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd Toshkent – Xiva yoʻnalishida ilk qatnovini amalga oshirdi. Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan zamonaviy poyezd poytaxt va qadimiy shahar oʻrtasidagi 1022 kilometrlik va 14-15 soatlik masofani 7,5 soatda bosib oʻtdi.
Endilikda “Urganch” aeroportidan Urganch – Xiva temir yoʻliga qadar 11 kilometr elektrlashtirilgan temir yoʻl qurib bitkazildi. Elektropoyezdning yoʻlovchi oqimi kuniga oʻrtacha 230 nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, “Urganch” xalqaro aeroportining yuqori martabali mehmonlarga xizmat koʻrsatish terminali ham qayta qurildi. Aeroportning aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Xiva shahrida yuqori martabali mehmonlarni qabul qilishga moʻljallangan kongress-xoll majmuasi, unga tutash hududda uch yulduzli mehmonxona va “Xiva Ichan qalʼa” qabullar uyi qurilishi, Xitoy taʼlim tizimining Lyaonin pedagogika universiteti filiali va uning qoshida Urganch davlat universiteti bilan hamkorlikda Konfutsiy institutini va “Lu Ban ustaxonasi” boʻlinmasini tashkil etilishi, bularning barchasi viloyatda transport va turizm infratuzilmasi yaxshilanishiga olib keldi.
Endilikda, viloyatning turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida keskin jonlanish kuzatilmoqda. Xorazmga birinchi yarim yillikda jami 8 million 600 ming nafar sayyohlar, shundan, 1 million 770 ming nafar xorijiy va 6 million 830 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurib, oʻtgan yilga nisbatan 1,8 barobarga oʻsdi. Yil yakunigacha ular soni 13 million nafarga yetib, 3 million xorijiy va 10 millionga nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kutilmoqda. Shunda viloyat iqtisodiyotida turizm xizmatlari eksportining hajmi 1,3 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.
Sayyohlar oqimi ortishining yana bir sababi viloyatga turistlarni yanada keng jalb qilish va ularning boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazish maqsadida har yili yirik tadbirlarni oʻtkazib kelinayotganidadir. Oʻtgan yili viloyatda oʻndan ortiq xalqaro festivallar, 20 dan ortiq mahalliy ommaviy tadbirlar oʻtkazildi.
“Xalqaro baxshichilik sanʼati”, “Qovun sayli”, “Xorazm gilamlari jilosi”, “Lazgi” xalqaro festivallari, “Strongmen” xalqaro bahodirlar oʻyini, Xorazm xalqaro investitsiyalar forumi hamda “Xorazm xonlari milliy taomlari” xalqaro gastronomik festivali kabi xalqaro tadbirlar shular jumlasidandir.
Xiva shahrida shu oyning 7-9-avgust kunlari oʻtkazilgan anʼanaviy xalqaro “Qovun sayli – 2026” festivalida tarixiy voqea sodir boʻldi. Festival doirasida “Eng katta qovun degustatsiyasi” yoʻnalishida jahon rekordi qayd etilib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
[gallery-30917]
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 30 mingdan ortiq fuqaro ish bilan taʼminlangani bois, ishsizlik darajasi 4,5 foizga, kambagʻallik esa 3,4 foizga tushirildi. Yil yakuniga qadar esa ishsizlik va kambagʻallik 3 foizga tushishi kutilmoqda.
Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan bu saʼy-harakatlar, belgilangan har bir marra va reja iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashga, eng muhimi hudud aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
OʻzA muxbirlari