“Mustaqillikning 25 yilligi” konida avariyani jilovlashga kirishildi
Neft-gaz sohasida quduqlarning texnik holatini muntazam nazorat qilish, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish va ishlab chiqarish xavfsizligini ta’minlash muhim vazifalardan hisoblanadi.
Ayniqsa, avariyaviy quduqlarni ishonchli yopish va ular bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish nafaqat aholi xavfsizligini ta’minlash, balki atrof-muhitni muhofaza qilish hamda konlarni samarali boshqarish nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday mas’uliyatli vazifalardan biri Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida amalga oshirilmoqda. Jamiyat axborot xizmatining xabar berishicha, 15-avgust kuni mazkur kondagi avariyaviy quduqni yopish va avariyani jilovlash bo‘yicha amaliy ishlar rasman boshlangan.
Shu munosabat bilan “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov hamda mas’ul mutasaddilar konga tashrif buyurib, “Kofrun” qishlog‘i faollari va mazkur loyihada ish olib borayotgan Xitoyning “CNPC” korporatsiyasi mutaxassislari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, avvalo, amalga oshirilayotgan loyihaning ahamiyati va avariyaviy quduqni yopish jarayonining asosiy bosqichlari muhokama qilindi. Shuningdek, ishlarni belgilangan muddatlarda va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish, oylar kesimida bajariladigan muhim chora-tadbirlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Muloqot davomida mahalliy aholi va “Kofrun” qishlog‘i faollarining fikrlari ham eshitilib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan mas’ullar tomonidan zarur tushuntirishlar berildi. Bu esa avariyani bartaraf etish jarayonida aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash va olib borilayotgan ishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish muhim ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur loyiha doirasida Xitoyning “CNPC” korporatsiyasi mutaxassislari ham jalb etilgan bo‘lib, avariyaviy quduqni yopish ishlarida sohadagi tajriba va zamonaviy yondashuvlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Avariyani jilovlash bo‘yicha amaliy ishlar belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA