Xokkeychilarimiz Islom davlatlari turnirida zafar quchdi
Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida xokkey bo‘yicha o‘tkazilgan Islom davlatlarining IV xalqaro xokkey turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 2-o‘rinni egalladi.
Musobaqalar davomida 7 ta jamoa bilan kechgan shiddatli o‘yinlarda xokkeychilarimiz yuqori darajadagi mahorat, xarakter va g‘alaba qozonish istagini namoyish etdi.
Aytish lozimki, hamyurtlarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Rossiya jamoalari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari davomida Qozog‘iston jamoasini 9:5, Qirg‘iziston vakillarini 4:3 hisoblarida dog‘da qoldirdi.
Xalqaro turnir jarayonida O‘zbekiston fidjital federatsiyasi bosh kotibi Elbek Mahmudov Rossiya xokkey federatsiyasi bosh direktori Dmitriy Kurbatov va Olimpiya chempioni, faxriy murabbiyi Vladimir Mishkin bilan uchrashdi. Suhbat davomida fidjital sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va sport sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Yoshlar orasida fidjital sport turlarini ommalashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA