Xitoyning yangi xavfsizlik tashabbusi
So‘nggi yillarda xalqaro munosabatlar tizimida xavfsizlik masalasi iqtisodiy va siyosiy hamkorlikdan ajralmas yo‘nalishga aylandi. Geosiyosiy raqobat kuchayishi, transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, kiber xavfsizlik bilan bog‘liq xatar davlatlarni yangi hamkorlik mexanizmini shakllantirishga undamoqda. Ana shunday sharoitda Xitoyning xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbusi Pekin tashqi siyosatining navbatdagi strategik qadami sifatida baholanmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti Gavharshodbegim Xolmatova mazkur yondashuv tasodifiy qaror emasligiga e’tibor qaratib, bu so‘nggi ikki yil davomida shakllanayotgan mintaqaviy xavfsizlik manzarasining mantiqiy davomi ekanini ta’kidlaydi. Jumladan, 2025-yil Ostona shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi, kiber xavfsizlik va Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilangan edi. Bugungi tashabbus aynan o‘sha kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Xitoy xavfsizlikni endi faqat harbiy sohada emas, balki iqtisodiy taraqqiyot, transport yo‘laklari, energetika va raqamli infratuzilma barqaror ishlashi bilan uzviy bog‘liq tushuncha sifatida ko‘ryapti. Shu bois mamlakat uchun xavfsiz muhit yirik iqtisodiy loyihalar amalga oshirishning asosiy sharti hisoblanadi. Ayniqsa, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transport yo‘laklari barqarorligiga erishish Pekin uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayonda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li alohida o‘rin tutadi. Mazkur loyihaning uzluksiz faoliyati mintaqadagi siyosiy barqarorlik va xavfsizlik muhitiga bevosita bog‘liq. Shuning uchun Pekin huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, chegara xizmati hamda xavfsizlik tizimi hamkorligini mustahkamlashga intilmoqda.
XXR terrorizm, separatizm va ekstremizm tahdidini o‘z milliy xavfsizligi bilan chambarchas bog‘laydi. Shu maqsadda Markaziy Osiyo davlatlari bilan razvedka axboroti almashinuvi, qo‘shma mashg‘ulot, transmilliy jinoyatchilik hamda kiber jinoyatga qarshi sheriklikni kengaytirish niyatida. Bunday yondashuv Pekin ilgari surayotgan “Global Security Initiative” konsepsiyasining asosiy tamoyiliga ham mos. Ya’ni, xavfsizlik davlatlar o‘rtasidagi raqobat emas, balki umumiy manfaat asosida ta’minlanishi lozim.
SHHTning yangi xavfsizlik modeli: institutlar amaliyot bosqichiga o‘tmoqda
Xitoyning O‘zbekiston va Belarus bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbusi Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida kuzatilayotgan institutsional o‘zgarishlar bilan bevosita bog‘liq. Dastlab terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan tuzilma bugungi kunda ko‘p funksiyali siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik platformasiga aylanmoqda.
2025-yil Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti ayni o‘zgarishlarning muhim bosqichi sifatida baholanadi. Anjumanda 2035-yilgacha tashkilotni rivojlantirish strategiyasi qabul qilinib, xavfsizlik bilan bir qatorda transport, energetika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, ekologiya va global boshqaruv ham ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Bu SHHT faoliyati an’anaviy masalalardan ancha keng qamrovli yo‘nalishlarga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirning eng muhim natijalaridan biri to‘rt yangi xavfsizlik markazi tashkil etish to‘g‘risidagi qarordir: xatarga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish. Mazkur institutlar a’zo davlatlarning zamonaviy tahdidga muvofiqlashtirilgan va tezkor javob qaytarish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun ochilayotgan imkoniyatlar
Mazkur tashabbus O‘zbekiston uchun bir necha amaliy imkoniyatni yuzaga keltiradi: terrorizm, diniy ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda axborot almashinuvi ko‘lamini kengaytirish, qo‘shma amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy texnologiyadan samarali foydalanish uchun qo‘shimcha sharoit yaratish. Ayniqsa Afg‘oniston bilan bog‘liq masala dolzarb bo‘lib qolayotgan bir payt bunday hamkorlikning ahamiyati yanada ortadi.
Transport-logistika xavfsizligini ta’minlash ham asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Respublikamiz Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi ishtirokchisi sifatida yirik tranzit markaziga aylanishni maqsad qilgan. Shu bois transport infratuzilmasi barqarorligi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, yurtimizga yangi logistika loyihalarini jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kiber xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham alohida e’tibor talab etadi. Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi sharoitida davlat axborot tizimi, moliyaviy infratuzilma va muhim kommunikatsiya tarmog‘ini himoya qilish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan SHHT doirasida tashkil etiladigan Axborot xavfsizligi markazi amaliy hamkorlikni mustahkamlashi shubhasiz.
Xavfsizlik sohasidagi har qanday hamkorlik O‘zbekistonning ko‘p qirrali tashqi siyosati, suvereniteti va milliy manfaatiga to‘liq mos ravishda amalga oshirilishi lozim. Mamlakatimiz tashqi siyosiy tamoyili mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etishda ham asosiy mezon bo‘lib qoladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA