Xitoyda mahalla tizimi tashkil etilmoqda
O‘zbekistonga tashrif buyurgan ko‘plab davlat rahbarlari mahalla tizimi bilan tanishgach, uni noyob jamoat “instituti” deya baho berganidan xabardorsiz. Sababi mahalla har jihatdan hududdagi fuqarolarning ma’naviy-ma’rifiy va iqtisodiy salohiyati shakllanishi hamda ularni kambag‘allikdan chiqarishning samarador shakli ekani isbotlangan.
Xitoyning Szinxe uyezdida bu uslub va shaklni amalda qo‘llab ko‘rdilar va natijasidan quvondilar.


Uezdning Szinfu jamoatchiligi (ular mahallani shunday deb ataydilar)da 1609 ta xonadon, 4933 nafar aholi yashaydi. Qolaversa, ular orasida xan millatidan tashqari uyg‘ur, qozoq, tatarlar ham bor. Bu yerda ham boshqa hududlardagi kabi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar bo‘lgan. Kimdir ishsiz, kimgadir moliyaviy ko‘mak kerak, yana birisini kasbiy malakasi, hunari yo‘q. Shunda Szinxe uyezdi boshqaruvchi Szinfu jamoatchiligini tuzishga qaror qildi. Buning uchun bino ajratdilar. 17 ta ish yurituvchi ish o‘rni yaratildi. Uning tarkibida jamoatchilik raisi, o‘rinbosari, politsiya vakili, kasb o‘rgatuvchi ustalar, iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi va yoshlar yetakchisi bor. Tuzilma 2013-yilda sinov tariqasida tashkil etilgan va u O‘zbekiston mahallalariga juda o‘xshash. Hozir bu yerda ishsizlar, kam ta’minlanganlar, soliq to‘lovchilar, yoshlar, ayollar bilan ishlash komissiyalari bor.



– Biz har bir xonadon pasportini yaratdik va shu asosda aniq ma’lumotga tayanib induvidual rejalar tuzdik, – deydi Szinxe jamoatchiligi raisi Zo‘rgul Abdukarim. – Avvalo kambag‘alikka barham berildi. Turli yo‘llar qo‘lladik. Kasb o‘rgatdik, o‘qitdik, shogirdlikka jalb etdik.


Hozir esa uyda qolgan ayollarga qog‘ozdan gullar kesish, bolalar o‘yinchoqlari yasash kabi guruhlar ochganmiz. Ular bu yerda kasb o‘rganadi va yana sotilgan mahsulotdan daromad topadi.

Zo‘rgul Abdukarim juda samimiy va bilimdon rahbar. U uyezdning barcha rahbarlarini taniydi va uni ham ular bilishadi. Har bir xonadon, har bir fuqaro muammosini u o‘zining muammosidek qabul qiladi.

Yana bir jihat muhim. Bu yerda turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stona, hamjihat munosabat, odamlar bir taqdir egalari ekanini anglash, tinch-totuv yashash ne’matini qadrlashga o‘rganadi.
O‘zbekistonning mahalla tajribasi Xitoyda barqaror tuzilmaga aylanmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA