Xitoy kompaniyasi ta’limga investitsiya kiritmoqchi
“SFETCG” – Xitoyning Shensi provinsiyasida tashkil etilgan yirik davlat kompaniyasi bo‘lib, xalqaro qurilish, muhandislik va tashqi savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini izchil kengaytirib bormoqda.
Bu gal kompaniya O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari bilan qiziqdi va unga investitsiya kiritish niyati borligini e’lon qildi. Shu maqsadda Xitoyning “Shaanxi Foreign Economic & Trade Construction Group Co., Ltd.” (SFETCG) kompaniyasi rahbari Sin Szyanbang boshchiligidagi delegatsiya Qo‘qon shahrida bo‘ldi hamda Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi. Unda ta’lim va turizm sohalarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mazkur kompaniya Qo‘qon davlat universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, bir qator loyiha takliflarini tayyorlagan. Uchrashuvda ilg‘or tajriba va ilmiy yondashuvlar asosida Qo‘qon shahrida turizm salohiyatini oshirish, shuningdek, universitet bilan tibbiyot hamda inklyuziv ta’lim bo‘yicha sheriklik o‘rnatish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarni aniq loyihalar doirasida davom ettirishga kelishildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA