Xattotlik san’ati – milliy qadriyatlarimizdan biri
Yurtimizda har yili “Hunarmand” uyushmasi va Badiiy akademiya bilan hamkorlikda Respublika xattotlik hamda miniatyura asarlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Bu yil ham an’anaga ko‘ra, “Sohir qalam mo‘’jizasi” nomli III respublika xattotlik va miniatyura ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Hunarmand” uyushmasi raisi maslahatchisi Aziz Murtazoyev ushbu ko‘rgazmaning maqsad va vazifalari, xattotlik va miniatyura yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan hunarmandlarga berilayotgan imtiyozlar haqida so‘zlab berdi.

– “Sohir qalam mo‘’jizasi” nomli III respublika xattotlik va miniatyura ko‘rgazmasi shu yo‘nalishda ijod qilayotgan ijodkorlarning ishlarini keng targ‘ib qilish, ularni xalqimizga tanishtirish, ijodlarini qo‘llab-quvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma doirasida “Xattotlik san’atining milliy hunarmandchilikdagi ifodasi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkaziladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida respublikamizning barcha hududlaridan ellikdan ortiq xattotlik va miniatyura yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan hunarmandlarning ijodiy ishlari namoyish etiladi. Ilmiy-amaliy konferensiyada esa O‘zbekiston musulmonlar idorasi, Badiiy akademiya, Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi, Turon fanlar akademiyasi, Xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan vakillar, xalq ustalari, “Hunarmand” uyushmasi faxriylari, san’atshunoslar, xattotlar, hunarmandlar va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchi va talabalari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Arabchada husnixat, yozuvchi degan ma’nolarni anglatuvchi bu san’at turi arab yozuvining keng tarqalishi tufayli jadal rivojlangan. Mustaqillik yillariga kelib kitobat san’ati bir guruh xattotlarimiz tomonidan qayta tiklandi. Xattotlik hozirgi kunda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o‘rgatiladi.
Bu san’at Sharqda husnixat, xattotlik, G‘arbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan. Mamlakatimizda azaldan xattotlik san’atidan me’morchilik va xalq amaliy san’atida keng foydalanilgan. Masjidlar, madrasalar va maqbaralarning tashqi va ichki devorlariga xattotlik uslublarida Qur’oni karim oyatlari, hadislar, hikmatli so‘zlar va she’riy parchalar bilan yozilgan bitiklar bor.
Ushbu ko‘rgazmani tashkil etishdan maqsad yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga milliy hunarmandchiligimiz haqida ma’lumot berish, targ‘ib qilish, yoshlarni hunarga o‘rgatishdan iboratdir.
G.Boboyeva, O‘zA