Xalqaro tadqiqot institutlari bilan hamkorlik rivojlantiriladi
Senatda AQSHning Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlari va olimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev hamda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining profesor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, konstruktiv muloqot, o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi siyosiy muhit mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va umumiy muammolarga birgalikda yechim topishda muhim omil ekani ta’kidlandi.

Aytib o‘tish kerakki, Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti xalqaro munosabatlar, global xavfsizlik, strategik tahlil, davlat boshqaruvi hamda lingvistik tayyorgarlik sohalarida yuqori nufuzga ega bo‘lgan yetakchi akademik va tahliliy markazlardan biri hisoblanadi.
Ushbu institut bilan hamkorlik parlamentlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi. Shu munosabat bilan Senatning ilmiy-tadqiqot markazlar va ekspertlar institutlari bilan hamkorligini kengaytirish ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida xalqaro tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA