NKMK xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi
Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va yirik sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar natijasi xalqaro moliya institutlari va reyting agentliklari tomonidan ham munosib baholanmoqda.
Xususan, “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining kredit reytingi bo‘yicha prognoz “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirilib, emitentning uzoq muddatli reytingi “BB” darajasida tasdiqlandi.
Mazkur baholash mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasining yana bir xalqaro e’tirofi sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash va xalqaro standartlarni joriy etish borasidagi ishlar o‘z natijasini bermoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch korxonalaridan biri, balki jahon bozorida raqobatlasha oladigan yirik sanoat majmuasi hisoblanadi. Korxonaning barqaror moliyaviy ko‘rsatkichlari, eksport salohiyati va strategik ahamiyati xalqaro reyting agentliklari tomonidan yuqori baholanayotgani uning investitsion jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida iqtisodiyotni ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillari asosida rivojlantirishga qaratilgan siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzi mustahkamlanib bormoqda.
“Fitch Ratings” tomonidan prognozning “ijobiy”ga o‘zgartirilishi xalqaro investorlarning Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati va uning kelgusi istiqbollariga bo‘lgan ishonchi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bu esa o‘z navbatida yangi investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish uchun mustahkam zamin yaratadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri