Xalqaro hamkorlik yangi bosqichda
Bugungi kunda mamlakatimizda suv ta’minoti va sanitariya tizimini modernizatsiya qilish, sohada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov boshchiligidagi delegatsiya Nepal Federativ Demokratik Respublikasining Katmandu shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Mazkur safardan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdir.

Ta’kidlanishicha, ayni kunlarda Katmandu shahrida “Global South WASH Moliyalashtirish va Barqarorlik – 2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mutaxassislar, amaliyotchilar va moliya institutlari vakillari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur anjumanda faol qatnashib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan qator muzokaralar olib bormoqda.

Xizmat safari doirasida joriy yilning 31-mart kuni delegatsiya a’zolari Katmandu shahridagi yirik oqova suvlarni tozalash inshootlari faoliyati bilan tanishdi. Xususan, kuniga 85 million litr quvvatga ega ikkita inshoot hamda 255 million litr quvvatli yirik tozalash majmuasi o‘rganildi. Mutaxassislar tozalash jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv amaliyotlari bilan yaqindan tanishib, mahalliy mutasaddilar va korxona xodimlari bilan tajriba almashdi.
Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari xalqaro konferensiya doirasida ma’ruzalar bilan ishtirok etmoqda. Unda WASH infratuzilmasini rivojlantirishdagi dolzarb masalalar, xususan, moliyalashtirish mexanizmlari, investitsiyalarni jalb etish va barqarorlikni ta’minlash yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda.

“O‘zsuvta’minot” AJ vakillari tomonidan sohaga investitsiyalar jalb qilish, institutsional va moliyaviy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar taqdim etilyapti. Shuningdek, delegatsiya a’zolari ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) tamoyillari, aralash moliyalashtirish masalalari bo‘yicha panel muhokamalarida ishtirok etmoqda.
Safar doirasida mahalliy suv ta’minoti va sanitariya xizmatlari tashkilotlarining institutsional salohiyatini oshirishga qaratilgan seminarlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA