Xalqaro dayjest (+video)
G‘azo sektorida o‘tin terishga chiqqan ikki bola Isroil hujumi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 29 noyabr kuni ertalab bolalarning otasi Tamer Abu Assi nonushta tayyorlayotganida o‘tin tugaganini payqagan. 8 yoshli Fadi va 10 yoshli Jumaa otasining imkoniyati cheklangani (nogiron bo‘lgani) sababli o‘tin olib kelishga ketgan, biroq qaytib kelmagan. Abu Assi dasturxon yozib, ularning qaytishini kutayotgan vaqtda yaqin atrofdagi odamlar boshpanaga yugurib kelib, ikki bola Isroil askarlari tomonidan o‘ldirilganini aytgan.
Yevropa Ittifoqi Kengashi va Yevroparlament 2027 yilgacha Rossiya tabiiy gazini bosqichma-bosqich import qilishni to‘xtatish bo‘yicha reglament yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdi.
“Bu biz va butun Yevropa uchun katta g‘alaba. Yevropa Ittifoqining Rossiya gaziga qaramligiga chek qo‘yishimiz kerak. Uning Yevropa hududida doimiy taqiqlanishi — to‘g‘ri yo‘nalishdagi muhim qadam”, deydi Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qiluvchi Daniya iqlim, energetika va kommunal xizmatlar vaziri Lars Ogard.
NASA va boshqa bir nechta kosmik agentliklar odamlarni Oyga qo‘ndirish uchun bellashmoqda. Biroq o‘tmishda NASA Yerning tabiiy yo‘ldoshida vodorod bombasini portlatishni rejalashtirgan edi. Bu haqda Wion xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH o‘ta maxfiy A119 loyihasi doirasida 1969 yilda Nil Armstrong Oyga qo‘nishidan ancha oldin Oyda bomba portlatishni mo‘ljallagan.
Hindiston hukumati fuqarolarning smartfonlariga davlat tomonidan ishlab chiqilgan Sanchar Saathi ilovasini o‘rnatadi. Apple, Samsung, Xiaomi va boshqa ishlab chiqaruvchilar keyingi 90 kun ichida nafaqat yangi, balki allaqachon ishlatilayotgan smartfonlarda ham ilovani o‘chirib bo‘lmaydigan tarzda o‘rnatish imkoniyatini ta’minlashi kerak. Tegishli bayonot 1 dekabr kuni Hindiston hukumatining Matbuot axborot byurosi (PIB) tomonidan e’lon qilindi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH ma’muriyati taklif etgan tinchlik rejasining uchta bandi bo‘yicha yon berishga tayyor emas. Bu haqda xabardor rossiyalik manbaga tayanib, NBC News ma’lum qildi. Manbaning aytishicha, Moskva Donbass hududi, Ukraina armiyasi sonini cheklash va bosib olingan hududlarni xalqaro miqyosda tan olish masalalarida murosaga borishni istamaydi. AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff 2 dekabr kuni Kremlda Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda Ukraina bilan kelishilgan tinchlik rejasi loyihasi taqdim etilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp hukumat yig‘ilishida narkotik ishlab chiqarish va yetkazib berishga aloqador davlatlar va guruhlarga qarshi kuch ishlatishga tayyorligini aytdi. U bunga misol qilib Kolumbiyani tilga oldi. Yig‘ilish YouTube’dagi Oq uy kanalida jonli efirda namoyish etildi.
“Men Kolumbiyada kokain ishlab chiqarilishini eshitganman. Ularning kokain ishlab chiqaradigan zavodlari bor, tushunyapsizmi? So‘ngra ular o‘z kokainini bizga sotadi. Biz buni juda qadrlaymiz. Ammo bu bilan shug‘ullanadigan va uni mamlakatimizda sotadigan har kim hujum uchun nishonga aylanadi. Biz bu itvachchalarni yo‘q qilamiz”, deb tahdid qildi AQSH prezidenti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/80bOGNfMQnQ" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA