Xalqaro arbitraj bo‘yicha trening yakunlandi
Poytaxtimizda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida xalqaro arbitrajga bag‘ishlangan ikki kunlik o‘quv-amaliy trening bo‘lib o‘tdi.
Treningda Fransiya, Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi xalqaro miqyosda tan olingan ekspertlar ishtirok etib, tinglovchilar bilan o‘z tajribalari va amaliy bilimlarini bo‘lishdi.

Xususan, xalqaro arbitraj institutlari, asosiy qoidalar va jarayon ishtirokchilarining roli, arbitraj kelishuvlarini to‘g‘ri tuzish hamda yurisdiksiya bilan bog‘liq muhim jihatlar, arbitraj sudini shakllantirish, arbitrlarni tayinlash va ularning mustaqilligi kabi mavzular muhokama etildi.

Shuningdek, protsessual boshqaruv, ish yuritish tartibi hamda murakkab nizolarni samarali boshqarish usullari hamda investitsiyaviy arbitraj bo‘yicha maxsus taqdimotlar qilindi.

Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar nafaqat nazariy bilimlar, balki real amaliy misollar asosida muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ldi hamda xalqaro ekspertlar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA