Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv takomillashtiriladi
“Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari transformatsiya qilinadi.
Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari faoliyati nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilish, havaskorlik san’atini rivojlantirish, shuningdek, texnologiya, muhandislik, hunarmandchilik va boshqa yangi yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yiladi. Tuman (shahar) hokimliklari tizimiga o‘tkaziladi.
Xususiy investitsiyalarni jalb etish va (yoki) ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Resurslardan oqilona foydalanish uchun samarasiz madaniyat markazlari faoliyati maqbullashtiriladi.
2026-yil 1-iyuldan “Tumor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasi tashkil etiladi.
Madaniyat bo‘limlari Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladigan reyting natijalari asosida rag‘batlantiriladi. Bunda reyting 2027-yildan boshlab har yilning yakuni bo‘yicha yuritiladi hamda unda madaniy tadbirlarga aholi qamrovi va milliy qadriyatlarni asrash bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarga ustuvorlik beriladi. Reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan madaniyat bo‘limlari Davlat byudjeti hisobidan rag‘batlantirib boriladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA