Xalqaro anjumanda Termiz mintaqaviy aloqalar markaziga aylangani e’tirof etildi
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston – Rossiya: Yevrosiyo makonida strategik sheriklik” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilari bugungi yig‘ilishda “Surxondaryo – Tatariston: mintaqalararo hamkorlikning yutuqlari va salohiyati” mavzuiga bag‘ishlangan ma’ruzalarni tinglab, muhokama etdi.
Yerosti va yerusti boyliklari serob Surxon vohasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamonaviy sanoatni rivojlantirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ham oshirmoqda. Viloyat dehqonlari yiliga 2,5 million tonnadan ortiq tabiiy quyosh nuriga to‘yingan va vitaminlarga boy turli qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiriladi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va boshqa munosabatlarning keyingi yillardagi yangi rivojlanish bosqichida viloyat tadbirkorlari rossiyalik sheriklari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni keng yo‘lga qo‘yib, bu imkoniyatlardan yanada samarali foydalanishga harakat qilayotir. Bunga Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk o‘lkasi, Novosibirsk va Chelyabinsk viloyatlari, Mordaviya va Tatariston Respublikalari bilan do‘stona hamkorlik o‘rnatilgani yaqqol dalildir. Aynan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar mustahkam iqtisodiy zanjir yaratib, yangi biznes va sarmoyaviy muhitni shakllantirayotir. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirmoqda.
O‘tgan yil yakuni bilan viloyatning tashqi savdo aylanmasi 790 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, uning qariyb 72 million dollari Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ri keldi. Hozir viloyatda faoliyat yuritayotgan 515 ta chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonaning 44 tasi rossiyalik investorlar hamkorligida tashkil etilgan.
Tatariston Rossiya Federatsiyasining sanoat majmuasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Respublika yalpi hududiy mahsuloti hajmi 60 milliard dollardan oshadi. Rossiyada ishlab chiqarilgan polistirolning qariyb 60 foizi, polietilenning 50 foizi, sintetik kauchuklarning 37 foizi Tatariston hissasiga to‘g‘ri keladi. Respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning deyarli yarmi dunyoning 164 mamlakatiga eksport qilinmoqda.
Sessiya yig‘ilishida Surxondaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murod Panjiyev, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi tijorat direktori Zafar Abdukerimov, Tataristan Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Rustem Gaynullov, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov, Tataristondagi “Ximgrad” aksiyadorlik jamiyati xorijiy loyihalar bo‘yicha rahbari Ruslan Sabirov “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki direksiyasi mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Jasur Muxamedovlar mavzu yuzasidan atroflicha fikr yuritdi.
Muloqot chog‘ida Tatariston va Surxondaryo o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Tatariston Respublikasi hukumati va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy, qishloq xo‘jaligi, yoshlar siyosati va boshqa sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shuningdek, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, neftni qayta ishlash, transport-logistika, ta’lim va innovatsion texnologiyalar sohalarida yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Tomonlarning “Shimol – Janub” transport-logistika loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Afg‘oniston hududidagi neft, gaz va strategik ahamiyatga ega minerallar kabi foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashda Tatariston kompaniyalari hamda uning sanoat salohiyatidan foydalanish imkoniyatlari, Afg‘oniston hududida o‘zbek hamkorlar bilan salohiyatni birlashtirish asosida birga amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan boshqa qo‘shma loyihalarga e’tibor qaratildi.
[gallery-28476]
Xalqaro konferensiya yakunida mazkur anjuman faqat O‘zbekiston – Rossiya sherikligini mustahkamlabgina qolmay, balki Yevrosiyoning yanada keng, o‘zaro bog‘langan va barqaror arxitekturasini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Noyob tarixiy merosga ega Termizda barpo etilgan zamonaviy infratuzilmalar bu jarayonda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi yangi mintaqaviy aloqalar markaziga aylanayotgani alohida e’tirof etildi.
Konferensiyaning yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, “Valday” munozara klubi jamg‘armasi boshqaruvi raisi Andrey Bыstritskiy va boshqalar anjuman har ikki mamlakat uchun ham foydali muloqotlarga boy bo‘lganini qayd etdi. Tajribali ekspertlar va boshqa ishtirokchilarga konferensiyada faol qatnashgani uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi, “Termiz kargo markazi” transport-logistika habida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Termiz shahridagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari