Razman bin Jaafar: tomonlar hamkorligi faqat nazariy emas, balki amaliyotga qaratilgan sheriklikdir
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “2026-2035-yillarda O‘zbekiston Respublikasida mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish strategiyasi”ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan “Strategic Workshop Lab” amaliy seminarining ikkinchi kun tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Unda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini mustahkamlashga qaratilgan masalalar muhokamasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar yuzasidan “MIMOS Holdings Sdn. Bhd.” kompaniyasi bosh direktori Razman bin Jaafar quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Avvalo, Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotgani quvonarli. Bu bevosita iqtisodiy, savdo va turizm kabi yo‘nalishlarda o‘z aksini topmoqda. Bugungi muloqot ham ushbu aloqalarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Aytish kerakki, mazkur hamkorlik iqtisodiy transformatsiya, sanoat investitsiyalari va global raqobatbardoshlikka bo‘lgan qat’iy sadoqatimizning ifodasi. Bugun elektr va elektronika sanoati oddiy ishlab chiqarish sohasi emas, balki raqamli iqtisodiyot, quvvatli yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va aqlli infratuzilmaning asosiga aylandi.
Malayziya so‘nggi besh yil ichida ushbu yo‘nalishda katta transformatsiyani amalga oshirdi. Mamlakat oddiy yig‘ish operatsiyalaridan global yarimo‘tkazgich va elektronika qiymat zanjirida muhim ishtirokchiga aylandi. Bugun u dizayn, sinov, ishlab chiqarish va innovatsiyani qamrab olgan barqaror ekotizimga ega bo‘lib, jahon yarimo‘tkazgich eksportiga sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ham katta salohiyat mavjud. Markaziy Osiyoning markazida joylashgan mamlakat rivojlanayotgan infratuzilma, davlat tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlash va yosh, iqtidorli kadrlarga tayanadi. To‘g‘ri, strategiya va samarali sheriklik asosida O‘zbekiston mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar sohasida mintaqaviy markazga aylanishi mumkin.
Malayziya O‘zbekistonni ushbu yo‘nalishda uchta asosiy yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Birinchisi, ekotizimni rivojlantirish bo‘lib, u sanoatni shakllantirish, investitsiyalarni jalb qilish va samarali siyosat mexanizmlarini joriy etishni qamrab oladi. Ikkinchisi, kadrlar salohiyatini oshirish, ya’ni texnik tayyorgarlikdan tortib zamonaviy dizayn va muhandislik ko‘nikmalarigacha bo‘lgan jarayonlarni rivojlantirish. Uchinchisi esa texnologiya va kommersiyalashtirish bo‘lib, innovatsiyalarni amaliy iqtisodiy natijalarga aylantirish va ularni global bozorga olib chiqishni nazarda tutadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur yondashuv faqat nazariy hamkorlik emas, balki amaliyotga qaratilgan sheriklikni anglatadi. Bu jarayonda Malayziya tomoni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek, mahalliy sanoat va startaplar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor.
Ushbu seminar nafaqat muloqot maydoni, balki umumiy strategik qarashlarni shakllantirish, ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va aniq amaliy qadamlarni ishlab chiqish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Shuni ishonch bilan aytamanki, kelajakda Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida mikroelektronika sohasida barqaror va zamonaviy ekotizimni shakllantirish bo‘yicha hamkorlik yanada mustahkamlanadi. Bu esa innovatsiyalarni rag‘batlantirish, yuqori qiymatli ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekistonning mintaqadagi texnologik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.