Xalqaro anjuman qatnashchilari Samarqand ziyoratida
Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergensiya sari yo‘l” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari Samarqandga keldi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan “Ishonch” gazetasi tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro anjuman ishtirokchilari Samarqand temiryo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Mehmonlar dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Islom olamida alohida e’tirof va e’zozga ega bo‘lgan ulug‘ muhaddis mangu qo‘nim topgan maskan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan so‘ng o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Buni anjuman ishtirokchilari ham ta’kidladi.
– Imom Buxoriydek buyuk shaxs ziyoratida turganimdan xursandman va bu imkoniyatni yaratgan anjuman tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman, – deydi Qozog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasining aloqa markazi direktori Gulmira Krakozova. – Majmua betakror ko‘rinishga ega bo‘libdi. Samarqand haqida bolalikdan eshitib, unga o‘zgacha havas bilan ko‘rish ishtiyoqi bor edi. Bugun bu imkoniyat paydo bo‘ldi. Ta’rifu tavsiflar bejizga emasligiga ishonch hosil qilmoqdaman. Imom Buxoriy majmuasi bebaho maskanga aylanibdi. Ta’riflab bo‘lmas darajada tetiklik, ruhiy xotirjamlik his etdim. O‘zbekistonning ulug‘vor maskanlari ko‘payaversin.
Ishtirokchilar Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta ta’mirlangan Mahdumi A’zam ziyoratgohida ham bo‘ldi. Ushbu maskanda bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilib, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Mehmonlar ziyoratgoh va amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-28557]
Anjuman qatnashchilari Samarqand shahridagi qator tarixiy obidalar, turizm ob’ektlarida ham bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA