Xalq bilan ochiq muloqot muammolarga amaliy yechim
Nurafshon shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasi binosida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning navbatdagi kengaytirilgan qabuli bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, bank hamda moliya muassasalari mas’ullari ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini bevosita hamda video-konferens-aloqa orqali tingladi.
Ochiq muloqot davomida 200 nafarga yaqin fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Murojaatlarda asosan uy-joy, yer munosabatlari, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, elektr energiyasi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi, ijtimoiy himoya va boshqa dolzarb masalalar ko‘tarildi. Qabul jarayonida 30 dan ortiq murojaatchining masalasi joyida hal etildi.

Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar yuzasidan mas’ullar va ishchi guruhlarga aniq vazifalar belgilab berildi. Xususan, muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularning kelib chiqish sabablari va mavjud to‘siqlarni aniqlash, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda natijasi bo‘yicha axborot taqdim etish topshirildi.
Muloqot davomida har bir murojaatni faqat rasmiy tartibda ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, uning tub sabablarini bartaraf etish va natijaga yo‘naltirilgan aniq yechim ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, berilgan topshiriqlarning ijrosini nazorat qilish, ularning qog‘ozda qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va har bir fuqaroning murojaati yakuniy natija bilan ta’minlanishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Zero, xalq bilan ochiq va bevosita muloqot — aholi muammolarini aniqlashning muhim vositasigina emas, balki ularga amaliy yechim topish, fuqarolarning davlat idoralariga ishonchini mustahkamlash hamda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni manzilli hal etishning samarali mexanizmi hisoblanadi.
A.Musayev,O‘zA