Samarali seminar
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida qishloq xo‘jaligidagi dolzarb vazifalar, xususan, paxta hosilini uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish hamda kuzgi g‘alla ekishga puxta hozirlik ko‘rish masalalari muhokama etildi.
Daladagi har bir yumush o‘z vaqtida va sifatli bajarilsagina, yil bo‘yi qilingan mehnat samara beradi. Shu bois tumanda hosilni yig‘ishtirib olishdan tortib, yangi ekish mavsumiga zamin hozirlashgacha bo‘lgan jarayonlarni izchil tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.
“Shunqor yo‘li” fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilgan amaliy seminarda tuman hokimi, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Unda paxta terimiga tayyorgarlik ko‘rish, mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalarini shay holatga keltirish, texnika ta’minotini mustahkamlash hamda hosilni qisqa muddatda va sifatli yig‘ib olish uchun zarur choralarni ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Zero, dalaning hosildorligi qanchalik muhim bo‘lsa, uning ne’matini o‘z vaqtida nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish ham shunchalik mas’uliyatli vazifadir. Shu nuqtayi nazardan, fermer xo‘jaliklarida mavjud texnikalardan unumli foydalanish, zarur hollarda qo‘shimcha texnika jalb etish va terim jarayonini to‘g‘ri tashkil qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Kuzgi g‘alla ekish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Yer maydonlarini sifatli tayyorlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish hamda ekish ishlarini belgilangan muddatlarda tashkil etish kelgusi hosil poydevorini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Seminarda fermerlarga yerga ishlov berishdan tortib, texnikadan foydalanishgacha bo‘lgan jarayonlarda agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilish, ishni oldindan puxta rejalashtirish va mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, sohadagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni tezkor bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini nazoratga olish va har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’uliyatni oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar yuklatildi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari