Xalq bilan birga – taraqqiyot sari ishonchli qadam
Buxoroda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzuridagi Amaliy loyihalar va siyosiy ta’lim markazi rahbari N. Alimov, partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, “Xalq bilan birga” dasturi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatini hayotga chuqur tatbiq etishga xizmat qiladi. Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ulug‘lash kabi ustuvor vazifalar mazkur dasturning mazmun-mohiyatini belgilaydi.

– Dasturning asosiy maqsadi davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarni joylarda samarali targ‘ib qilish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish va manzilli yordamni tizimli yo‘lga qo‘yishdan iborat, – deydi O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Bobomurod Ochilov.
Dastur doirasida amalga oshiriladigan “Yurakka yo‘l” aksiyasi alohida e’tiborga molik. Uyma-uy yurish orqali mamlakatimiz bo‘ylab bir milliondan ortiq xonadon qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali aholining dardu tashvishlari bevosita o‘rganiladi va ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, hududlarda mobil shtablar tashkil etilib, respublika bo‘ylab yuzlab sayyor qabullar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa fuqarolar murojaatlarini joyida ko‘rib chiqish, muammolarga tezkor yechim topish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar shakllantirish imkonini beradi.

Dasturda yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlashga ham alohida urg‘u berilgan. Jumladan, turli davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, muhokamalar va konferensiyalar tashkil etish orqali jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsad qilingan.
Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish masalasi ham dasturning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Telegram-botlar, onlayn platformalar va interaktiv loyihalar orqali aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini to‘plash yo‘lga qo‘yiladi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida esa kam ta’minlangan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularni tadbirkorlarga biriktirish, tibbiy ko‘riklar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va kasbga o‘qitish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan. “Bir oila – bir homiy”, “Yaxshilik marafoni”, “Farovon oila”, “Keksalarga mehr” kabi qator loyihalar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Taqdimot davomida jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joylarda o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida jamoat eshituvlari tashkil etish, deputatlik so‘rovlari yuborish va qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish orqali tizimli muammolarni hal etish mexanizmlari belgilab olindi.
Mazkur dasturning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA