Vijdon amri, zamon talabi faoliyatimizning asosi bo‘lishi lozim
Aprel oyining birinchi yakshanbasi – geologlar kuni
Geologiya sohasida ham tizimli ishlar amalga oshirilayapti. Bugun barcha buning guvohi bo‘lmoqda. Yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, xodimlar turmush tarzi va sohadagi o‘zgarishlar xususida “Qizilqumgeologiya” aksiyadorlik jamiyati direktori vazifasini bajaruvchi Shakiriddin ISKANDAROV bilan suhbatlashdik.
– Geologiya sohasida bir umr mehnat qilib kelayapsiz. Rahbarlik borasida ham tajribangiz katta. Odatga ko‘ra rahbarlar bilan o‘tkaziladigan suhbatlarda erkin fikr, mulohazalardan ko‘ra ko‘proq raqamlar tilga olinadi. Agar rozi bo‘lsangiz, suhbatimiz davomida raqamlar bilan birga xulosa va saboqlar haqida ham gaplashsak.

– Ma’qul. Aslida, har bir insonning, ayniqsa, rahbarning ko‘nglida tugib yurgan gaplari, har bir yil, hatto har bir kun natijasidan xulosasi bo‘ladi. Bugun ana shu fikrlarni bayon etishga qulay fursat paydo bo‘ldi, deb bilaman.
– Keyingi paytlarda “evrilish”, “o‘zgarish”, “intensiv rivojlanish” kabi iboralarni tez-tez ishlatyapmiz. Yangilikka ishtiyoqmand rahbar sifatida bu tushunchalarni qanday izohlaysiz?
– Dunyoning o‘zgarishi yangilik emas. Faqat o‘zgarishlar ba’zan ijobiy, ba’zan salbiy bo‘lishi mumkin. Olam ummonida bashar ahli bilan bir kemada ekanimizni hisobga olsak, biz ham ana shu o‘zgarishlar girdobidamiz.

Olamdagi barcha millat va davlat kuchli bo‘lishni, yaxshi yashashni orzu qiladi. Garchi shakllangan demokratik tamoyillarni hozircha betakror, deb ta’kidlasak-da, har bir qit’a, har bir davlat va har bir millat bir-biriga o‘xshamagan taraqqiyot yo‘lini tanlaydi. Ayni paytda O‘zbekiston tanlagan yo‘l jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani fikrim isbotidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yili BMT Bosh assambleyasi sessiyasida “Biz O‘zbekistonni dunyoga yangicha qiyofada namoyish etmoqchimiz” deganida, yuksak ma’naviyatli xalqni, ishonchli taraqqiyot yo‘lini tanlagan davlatni nazarda tutgani shubhasiz. Chunki mamlakatimizning yaqin yillarga rejalashtirgan va amalga oshirayotgan taraqqiyot strategiyasi berayotgan real samara kuchli davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Endi siz aytgan tushunchalar izohiga kelsak, nazarimda, bu iboralarning barchasini “yangilanish” so‘zi bilan sharhlash mumkin. Negaki, biz Vatanimizni tarixiy, ma’naviy merosimizga, xalqimizning ezgu an’analariga tayangan, dunyodagi ilg‘or tajriba va texnologiyalarni o‘zlashtirgan holda rivojlantirayapmiz. Biz Vatanimiz, o‘z taqdirimizga, kelajagimizga bo‘lgan nuqtai nazarimizni yangilayapmiz.
– Keyingi paytlarda sohada sezilarli islohotlar amalga oshirilayapti. Bu yangilanishlarni siz nimalarda ko‘rayapsiz?
– Xodimlarimiz kayfiyatida. Ilgarilari ular bilan gaplashsam, faqat shikoyat va ariza kelib tushardi, hozir esa murojaatlarning ko‘p qismi taklif va mulohazalardan, tashakkurnomalardan iborat.
Moddiy-texnik ta’minotimizning yangi, zamon talablariga javob beradigan texnika va uskunalar bilan boyitilayotganidayam gap ko‘p. O‘tgan yilning o‘zida 7 dona maxsus texnika, 2 dona vagon uy xarid qilindi. Joriy yilning bugungi davrigacha qariyb 45 kilometr olis Zarafshondan qatnab ishlaydigan xodimlarimizga xizmat qiladigan bitta 26 o‘rinli “ISUZU” rusumli avtobus va “UZXCMG – GR180” markali yo‘l tekislagich maxsus texnikasi sotib olindi.
Bizning geologiya qidiruv xizmatimizga talab ortgan. Masalan, o‘tgan 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 40 ta loyiha ko‘p buyurtma oldik. O‘zingizga ma’lum har bir buyurtma bizning faoliyatimiz va o‘z navbatida moddiy imkoniyatimiz kafolati. Shuningdek, Qizilqumda ochilgan va ochilayotgan kon xodimlarining bandligi, farovonligini ham mustahkamlaydi.
– Taraqqiyotning salmog‘i tabiiyki, investitsiya va innovatsion texnologiyalarga bog‘liq. Shu jihatdan jamiyatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar hududning (Navoiy viloyati-tah.) iqtisodiy muhitida nechog‘li yangilik yarata olayapti?
– Qizilqum ma’danlarga boy zamin. Uning bag‘rida oltin ma’danlari salmog‘i ham kam emas. Bugun O‘zbekiston oltin qazib olish borasida dunyoda yetakchilik qilmoqda. Oltin konlari va undan olingan qimmatbaho ma’danlarni qayta ishlaydigan zavodlar faoliyatini muntazam ta’minlab borish bizning faoliyatimizga bevosita bog‘liq. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Qizilqumgeologiya” Davlat unitar korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Nima uchun? Soha faoliyatiga investorlar ishtirokini jalb etish uchun. Bu oqilona qaror. Buni qarangki, korxonamiz aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazilgandan keyin xodimlarimizda mehnat va mulkka bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgardi. Ularning xalqaro miqyosda ishlashi, andozani xorijga qarab olishi, bugun va ertangi kunni ham xalqaro bozor talabidan kelib chiqib ko‘ra bilishiga imkoniyat yaratdi. Shuningdek, xorijlik ishbilarmonlarning jamiyatimiz iqtisodiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritishiga keng yo‘l ochdi. Masalan, 2020 yilda 16 dona turli avtotransport mashinasi, shundan, 9 tasi jamiyatimiz hisobidan sotib olindi. 4 dona burg‘ilash jihozlari, 1 tadan jami 4 dona tosh kesish, laboratoriya, temirchilik uskunalari va quyosh batariyasi, 31 dona kompyuter jamlanmasi va jihozlari hamda 2 donadan vagon-uy va tirkama, 1 dona konteyner tashiydigan yarim tirkama sotib oldik. Bilasizmi, ilgari yer osti qimmatli ma’danlardan na’munalar olish imkoniyatimiz bir yarim ming metrdan oshmasdi. O‘tgan yili harid qilgan zamonaviy “MAKINA S-21” rusumli burg‘ulash uskunasi bu imkoniyatimizni ancha oshirdi. Endilikda geologlarimiz 2 ming metrdan ortiq chuqurlikdagi ma’danlardan na’munalar oladi. Albatta bu zamonaviy texnika va jihozlarning harid qilinishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Bu qo‘llab-quvvatlashning natijasidir.
Endi raqamlarga e’tibor bering. O‘tgan 2020 yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan 54 ta loyiha, byudjet tashkilotlaridan esa 13 ta loyiha bo‘yicha buyurtma oldik. Bu ko‘rsatgich ikki yil avval ancha past raqamni tashkil etardi. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushirilsa, yana yuzlab, ehtimol minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Ana shu raqamlarning o‘zi “Qizilqumgeologiya” aksiyadorlik jamiyatining iqtisodiyotimizdagi o‘rnini ko‘rsatib turibdi.
– Korxona iqtisodining mustahkamlanishi va barqarorligi mamlakat iqtisodiyoti, aholi real daromadlarining o‘sishi, joylarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayishi, zamonaviy turmush tarzi qaror topishiga zamin yaratadi…
– Albatta, bugun yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qurilish-bunyodkorlik ishlaridan ko‘zlangan pirovard maqsad ham shu – hayotimizni o‘zgartirish, shahar va qo‘rg‘onlarimizda birdek zamonaviy shart-sharoit yaratish, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish.
Prezidentimizning xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak, degan qat’iy talabi, maqsad-muddao ham ana shu ezgulikni ifodalaydi.
Gapni jamiyatimizda amalga oshirilgan, har jihatdan zamonaviy, talabga javob beradigan qurilish-bunyodkorlik ishlaridan boshlay qolaylik.
Ikki yil avval qariyb xarobaga aylangan “Dovg‘iztov” dala geologiya qidiruv ekspeditsiyasining ma’muriy binosi yangitdan qad rostladi. Ekspeditsiyaga qarashli laboratoriya, yotoqxona, omborxona va shu kabi barcha binolar to‘liq ta’mirlanib, ular zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. “Qizilqum” dala geologiya qidiruv ekspeditsiyasida esa to‘liq ta’mirlash ishlari olib borildi. Masalan, avtogaraj, laboratoriya, omborxona va yotoqxonalarda kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Ayni paytda ma’muriy binoda ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu kabi obodonlashtirish ishlarini “Kokpatas” dala geologiya qidiruv ekspeditsiyalarida ham ko‘rish mumkin. Bu ishlar xodimlarimizning kayfiyatini ko‘tarish uchun qilindi. Kayfiyati ko‘tarinki insonda hayotga tashnalik oshadi. Hayotga tashna inson esa, doimo intiladi. Intilish esa, bu taraqqiyot garovidir. Ko‘ryabsizmi, birgina korxonamizda olib borilgan qurilish va bunyodkorlik ishlari zamirida xodimlarimizni yangicha ishlashga va yangicha fikrlashga undash yotibdi. Xalqimiz bekorga aytmagan, “Obod joyda baraka bo‘ladi” deb.
– Gap odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish haqida borar ekan, siz odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish, deganda nimani tushunasiz?
– Men rahbarman. Korxonamizda 1 ming 80 nafar xodim ishlaydi. Odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish men uchun xodimlarimga munosib turmush sharoitini yaratish hisoblanadi. Ular uyida ham, ishxonasida ham og‘rinmasdan yashasin va ishlasin. Sir emas, biz Qizilqum kengliklarida qazishma ishlarini olib boramiz. Cho‘lning tabiati ancha injiq: yozi jaziramali, qishi izg‘irinli. Geologlarimiz haftalab Qizilqum cho‘lining ancha ichkarisida dala sharoitida ish olib boradi. Ularning salomatligini himoyalash va imkoniyatlarini oshirish uchun 2020 yili 32 dona televizor, 30 dona sovutgich, 85 dona konditsioner, 416 dona oshxona jihozlari va boshqa ishda foydalaniladigan maishiy texnikalar sotib oldik. Bundan tashqari 54 nafar xodimimiz “Chotqol” sog‘lomlashtirish markazida salomatliklarini tiklab qaytdi. “Qizilqumgeologiya” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi barcha ekspeditsiyalarda ishlovchi xodimlarga ijtimoiy ko‘maklar berildi.
–Har bir sohada bo‘lgani kabi geologlarning yillar davomida to‘planib qolgan muammolariga yechim topilayotganini eshitdik. Ularni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Davlat geologiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Zarafshon shahriga yaqin hududda qad rostlagan “Geologlar” mahallasi bunyod etilganini qanday qabul qilishdi?
– Bu geologlarimiz turmush darajasini oshirishga qaratilgan tarixiy dastur bo‘ldi. Uning samarasi o‘laroq, 64 nafar geolog uyli bo‘ldi. Ayni paytda ular oila a’zolari bilan shu uylarda yashamoqda, orzular qilmoqda. Eng muhimi, ertangi kuni bugungidan ham obod bo‘lishiga ishonmoqda.
“Geologlar” mahallasining barpo etilishi nafaqat geologlarimizni xursand etdi, balki ko‘zni ham quvontirdi. Chunki, bir yil avval bu maskan ochiq maydon, hech bir kommunikatsiya tizimi yo‘q hudud edi. Bugun esa, obod makonga aylandi. Xodimlarimizning ishga kelib ketishi uchun xizmat avtobusi qatnovi tashkil etildi. Kommunikatsiya tizimi barpo etilib, bolalar qiyqirig‘i bilan to‘ldi.
- Jamiyatni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor qaratayapsiz?
– Eng avvalo, faoliyatimizga investorlarni jalb etishga e’tibor qaratayapmiz. Chunki, soha taraqqiy etishida investitsiya muhim ahamiyatga ega. Ikkinchidan, yangi texnologiyalarni ishlab-chiqarish jarayoniga jalb etish harakatidamiz. Bu borada qanday ishlarni amalga oshirayotganimizni yuqorida aytib o‘tdim. Kadrlar siyosatini isloh qilish ham asosiy vazifalarimizdan biriga aylangan. Aslida, eng samarali investitsiya kadr bilan bog‘liq investitsiyadir. Bizda har bir yosh kadr tajribali mutaxassisga biriktirilgan. Bu o‘z navbatida tajriba o‘zlashtirish bilan bir qatorda ustozni qadrlashdek madaniyatni shakllantiradi. Yoshlar ongu tafakkurini asrash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, “ommaviy madaniyat” ta’siridan himoya qiladi.
Yurtimizning turli hududlaridan kelgan yoshlar ishlaydi. Ular bilan birnecha marta uchrashuvlar o‘tkazdik. Ana shu tadbirlar chog‘ida yigit-qizlarning fikri, g‘oya va tashabbuslarini tinglab, ularning keng dunyoqarash va tafakkurga ega ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunday shijoatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, ruhlantira olsak, ular bilan kata ishlarni amalga oshirish mumkin.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur. Kasb bayramlarini nishonlayotgan geologlarga tilaklaringiz bordir…
– Geolog bo‘lib yashash – baxt, geologiya sohasida ishlash – mas’uliyat. Geologman, deyish faxr. Niyatim – barchamiz shu ulug‘ yurtga, shu farovon, tinch hayotga, shu buyuk elga munosib bo‘lishga intilib yashaylik. Bayram muborak!
Mansur Husanov suhbatlashdi.
O‘zA