Boyovutda mudofaa inshooti foydalanishga topshirildi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Mudofaa ishlari bo‘limi uchun rekonstruksiya qilingan zamonaviy bino foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi «Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori doirasida amalga oshirilib, umumiy qiymati 1 milliard 360 million so‘mni tashkil etdi.

Yangi qiyofaga ega bo‘lgan inshoot nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki xodimlar uchun yaratilgan zamonaviy ish sharoitlari bilan ham e’tiborga molik. Qurilish-ta’mirlash ishlari viloyatda faoliyat yuritayotgan «Shahnoza deklarant servis» korxonasi mutaxassislari tomonidan qisqa muddatda va sifatli tarzda amalga oshirildi.
Ochilish marosimida mudofaa sohasi vakillari, harbiy prokuratura mas’ullari, ko‘p yillik xizmat tajribasiga ega faxriylar, mahalliy hokimlik rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar mamlakatda milliy xavfsizlikni ta’minlash, mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni alohida ta’kidladilar.

Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda mudofaa tizimini zamon talablari darajasida rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, mazkur inshootning foydalanishga topshirilishi amaliy islohotlarning yaqqol natijasidir.

– Yangi bino zamonaviy talablar asosida jihozlandi. Bu yerda xodimlar uchun qulay va samarali ish muhiti yaratildi. Bu esa xizmat sifatini oshirish bilan birga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Alisher Husanboyev.
– Bunday zamonaviy infratuzilmaning yaratilishi xodimlar uchun katta rag‘bat, shu bilan birga, ular zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat yuklaydi. Eng muhimi, bu kabi islohotlar mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Mudofaa vazirligi huzuridagi Faxriylar kengashi vakili, zaxiradagi podpolkovnik Burhon Abdualimov.

Marosim yakunida ishtirokchilar yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA