VI Osiyo sohil o‘yinlarida 19 nafar sportchimiz ishtirok etadi
Bugun, 22-aprel kuni Xitoyning Sanya shahrida VI Osiyo sohil o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Oltinchi bor tashkil etilayotgan mazkur o‘yinlarda qit’aning 40 dan ortiq davlatidan 4 ming nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ular sportning 15 turi bo‘yicha 63 ta dasturda g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan ushbu musobaqada O‘zbekiston sport delegatsiyasining 19 nafar a’zosi sportning 4 turida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Osiyo sohil o‘yinlari ilk bor 2008-yili Indoneziyaning Bali orolida o‘tkazilgan. 2016-yili Vetnamning Danang shahrida tashkil etilgan o‘yinlarda O‘zbekiston vakillari sportning 4 turida ishtirok etib, 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Sanya shahrida start olgan VI Osiyo sohil o‘yinlari 30-aprelga qadar davom etadi.
T. RO‘ZIEV,
O‘zA