46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sport vaziri Adham Ikramov raisligida o‘tgan yig‘ilishda nufuzli musobaqa va uning doirasida tashkil etiladigan tadbirlar mundarijasi, xorijiy mehmonlar hamda shaxmat jamoalarini kutib olish, joylashtirish va xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, musobaqalar uchun zarur sport inventarlari, media hamda axborot tizimlarining uzluksiz faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi o‘nlab muhim vazifalar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda onlayn va oflayn formatda ishtirok etgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE), O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda daxldor vazirlik va idoralar mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan fikr va takliflar asosida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini har jihatdan yuqori saviyada tashkil etish, Xalqaro shaxmat federatsiyasining texnik reglamenti talablarini qat’iy bajarish hamda delegatsiyalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi joriy yilning 15-27-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA