Vetnamda halokatli toshqin: qurbonlar bor
Vetnamning markaziy hududlari kuchli yomg‘ir va toshqinlar changalida qolib, kamida 41 kishi halok bo‘ldi, yana 9 nafar inson bedarak yo‘qolgan.
“BBC” xabariga ko‘ra, o‘lkada uzluksiz yog‘ingarchilik natijasida 52 mingdan ortiq uy suv ostida qolgan, yarim milliondan ortiq xonadon va korxonalar elektr ta’minotidan uzilgan.

So‘nggi uch kun ichida yog‘ingarchilik hajmi hatto 1993 yildagi tarixiy toshqin ko‘rsatkichidan ham oshib ketgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar qatorida Hoy An, Na Trang va mamlakatning tog‘li hududlaridagi qahva yetishtirish mintaqalari bor.

Vetnam so‘nggi oylar davomida fojiaviy tabiiy ofatlariga duch kelmoqda: “Kalmaegi” va “Bualoy” tayfunlari yuzlab uylarni vayron qilib, ko‘plab talafotlar keltirgan. Hukumat yil boshidan beri tabiiy ofatlar 2 milliard dollarga teng zarar yetkazganini qayd etgan.
Ta’kidlanishicha, hududlarda toshqinlardan qutqarish ishlari davom etmoqda. O‘n minglab aholi evakuatsiya qilingan, harbiy bo‘linmalar aholi uchun vaqtinchalik boshpanalar tashkil etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA