Veterinariya sohasidagi milliy qonunchiligimiz xalqaro bitimlarga uyg‘unlashadi
Parlament quyi palatasi majlisida davlat veterinariya nazoratini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha bilan amaldagi “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimiga, Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish, veterinariya nazorati samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, veterinariya-sanitariya osoyishtaligini ta’minlashda yuqumli kasalliklarni aniqlash, veterinariya dori vositalari sifati va muomalasini tartibga solish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, antibiotik va zararli moddalarni monitoring qilish, xavfni erta aniqlash va uni kamaytirish tartiblari belgilanmoqda.

Veterinariya tovarlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va realizatsiya qilishda xavfni tahlil qilish va boshqarish Davlat veterinariya xizmati tomonidan amalga oshirilishi taklif etilmoqda. Davlat veterinariya xizmatiga yuqumli kasalliklar bo‘yicha hududlar (kichik hududlar) va xavfsizlik toifasini belgilash vakolati berilmoqda. Yuqumli kasalliklar bo‘yicha hududlarga ajratishga oid normalar bilan to‘ldirilmoqda. Bu yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, ularning tarqalishini oldini olishga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida sohadagi milliy qonunchiligimiz Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimiga, Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti talablariga, xalqaro bitimlarga uyg‘unlashadi. Hayvonlar kasalliklarining oldini olish, yuqumli kasalliklar tarqalishini bartaraf etish va davolash choralari ko‘riladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA