Vengriya parlamenti saylovida muxolifat g‘alaba qozondi
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Vengriya parlamenti saylovida ovoz beruvchilarning rekord darajadagi 74,23 foiz ishtiroki kuzatildi: qariyb 9,5 million aholidan 5,59 million kishi ovoz berdi.
Saylovda rekord qayd etildi
Mamlakat saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ovoz varaqalarining 98,9 foizi sanab chiqilgandan so‘ng Peter Madyarning “Tisza” partiyasi Viktor Orbanning “Fides” partiyasidan sezilarli darajada ustunlikka ega bo‘ldi. “Tisza” 199 o‘rindan 138 tasini oladi. Bu ko‘rsatkich konstitutsiyaviy ko‘pchilik uchun yetarli. Ikkinchi o‘rinda turgan “Fides” 55 o‘ringa ega bo‘lishi kutilyapti.
Og‘ir, lekin tan oldi
Natija e’lon qilingandan keyin Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban omma oldida mag‘lubiyatini tan oldi.
– Saylov natijasi og‘riqli, ammo aniq, – dedi Orban tarafdorlari oldida chiqish qilarkan. Men g‘alaba qozongan partiyani tabrikladim. Bu holat mamlakatimiz va millatimiz taqdiri uchun nimani anglatishini hali bilmaymiz, buni vaqt ko‘rsatadi. Biz esa muxolifat sifatida yurtimizga xizmat qilishni davom ettiramiz.
G‘olib – “Tisza” partiyasi yetakchisi Madyar Orban o‘zini telefon orqali g‘alaba bilan tabriklaganini e’tirof etdi.
Ayniqsa Bryussel xursand
– Viktor Orbanning saylovdagi mag‘lubiyatidan Bryussel yengil tortdi, – deb yozgan CNN. – Yevropa rasmiylari yangi hukumat Yevropaga moyilroq yondashuvni tanlashidan umidvor.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ham mavzuga munosabat bildirdi:
– Vengriya Yevropani tanladi. Yevropa har doim Vengriyani tanlagan. Birgalikda biz kuchliroqmiz. Mamlakat o‘z yo‘lini qaytarib olmoqda. YeI tobora kuchaymoqda. Yevropa Parlamenti raisi Roberta Metsola ham “Vengriya Yevropa markazida o‘z o‘rnini egallamoqda” deya qo‘shimcha qildi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bu g‘alaba “vengr xalqining Yevropa Ittifoqi qadriyatlariga, mamlakatning esa qit’adagi o‘rniga sodiqligini namoyish etishi”ni ta’kidladi, Germaniya Kansleri Fridrix Mers esa “kuchli, xavfsiz va umumiy Yevropa” uchun birlashish kerakligini ta’kidladi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer saylovni “nafaqat Vengriya, balki Yevropa demokratiyasi uchun ham tarixiy voqea” dedi. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk yakshanba voqeasi bo‘yicha qisqa bayonot berdi: Vengriya. Polsha. Yevropa. Yana birga!
Madyar esa Bosh vazir sifatidagi birinchi xorijiy safarini aynan Polshaga amalga oshirishini e’lon qildi.
Ukrainaga ajratilgan 90 milliard yevro masalasi endi hal bo‘ladimi?
Yevroittifoq mamlakatlari saylovda g‘alaba qozongan “Tisza” partiyasi yetakchisi Peter Madyardan YeI Kiyevga ajratgan 90 milliard yevrolik kredit rad etilishi bas qilinishi, Rossiyaga qarshi sanksiyaning keyingi bosqichiga veto qo‘yilmasligini kutyapti, deb yozdi “Financial Times” nashri Ittifoq mamlakatlaridan ikki diplomatga tayanib.
Kiyev ham yengil nafas olganga o‘xshaydi
Ukraina Orban mag‘lubiyatga uchragani ma’lum qilingandan keyin o‘z fuqarolariga Vengriyaga sayohat qilmaslik bo‘yicha tavsiyasini bekor qildi.
– Tashqi ishlar vazirligi saylov tugagandan so‘ng Vengriyaga sayohat qilmay turish bo‘yicha berilgan maslahatni bekor qiladi, – dedi mahkama rahbari Sibiga ijtimoiy tarmoq orqali. – Saylov jarayoni Ukrainaga qarshi “manipulyatsiyaga to‘la” bo‘lgan. Endi bunday munosabat dolzarb emas. Ya’ni, cheklovga sabab bo‘lgan ig‘vo xavfi kamaydi.
Mulozim Ukraina Vengriya bilan munosabatni yaxshilashga tayyorligini ham ta’kidlagan.
Rossiya bilan munosabatchi?
Vengriyaning yangi rahbariyati Rossiya bilan muzokara olib borilishi, chunki mamlakatning joylashuvi o‘zgarmasligi va Budapesht Rossiya energiya zaxirasiga tayanishda davom etishini eslatdi.
– Lozim bo‘lsa, muzokara olib boramiz, lekin do‘st bo‘lmaymiz, – deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Qo‘shnilar bilan munosabatni yaxshilash Vengriya uchun ham ustuvor masala
O‘z navbatida Peter Madyar xorijiy jurnalistlar uchun tashkil qilingan matbuot anjumanida qo‘shni davlatlar, jumladan Ukraina bilan munosabatni yaxshilash niyatidaligini bildirdi:
– Atrofdagi davlatlar bilan yaxshi munosabatni saqlab qolish va ochiq nizolarni hal qilish bizning asosiy manfaatimizga mos. Bu gap Ukraina, Slovakiya hamda Serbiyaga ham tegishli. Avstriya bilan ham, garchi Ukraina yoki Slovakiya kabi nozik bo‘lmasa-da, hamon ochiq qolayotgan masalalar borligiga aminman. Biz barcha qo‘shni davlatlar bilan munosabatni yaxshilashga intilamiz.
Orban yana qaytadimi?
Shu tariqa mamlakatni 16 yildan buyon boshqarib kelgan, Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi siyosatini doim tanqid ostiga olgan, Kremlga xayrixoh, negadir Ukrainani xush ko‘rmaydigan Viktor Orban davri ortda qolayotgandek. Tarqatilgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, yangi Bosh vazir Peter Madyar Vengriya konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritishi, hukumat yetakchisi vakolati muddatini ikki mandat – sakkiz yilgacha cheklash rejasini e’lon qilgan. Siyosatchi ta’kidlashicha, bu qadam bir shaxs hokimiyatni uzoq vaqt egallab turishining oldini olishga qaratiladi. Agar shunday qaror qabul qilinsa, sobiq Bosh vazir Orban hech qachon davlatni boshqara olmaydi.
S.Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi