Venetsiyada sayyohlar uchun kirish to‘lovi 30 yevroga ko‘tariladi
Venetsiyaga qisqa muddat keluvchi sayyohlar uchun kirish to‘lovi sezilarli darajada qimmatlashi kutilmoqda. "Bild" nashri xabar berishicha, hozir dam olish va bayram kunlari olinadigan 5 yoki 10 yevrolik badal miqdori 2027-yildan boshlab 30 yevroga chiqishi mumkin.
Shahar hokimiyati amaldagi narx sayyohlar oqimini jilovlash uchun yetarli emas, deb hisoblaydi. Garchi sayyohlik solig‘i moliyaviy jihatdan o‘zini oqlab, 2026-yil shahar byudjetiga 5 million yevrodan ko‘p daromad keltirgan bo‘lsa-da, gavjumlik muammosi saqlanib qolmoqda. Mahalliy rasmiylar to‘lov miqdori oshirilishi sayyohlarni pul undirilmaydigan, nisbatan sanjabroq kunlarda sayohat qilishga undashidan umidvor.
Joriy yil 27-iyuliga qadar sinov tariqasida amal qilgan 5 va 10 yevrolik yig‘im faqat bayram, dam olish kunlari undirilgan edi. Hozir shaharga kirish bepul, yangi tizim 2027-yil Pasxa bayramidan boshlab joriy etilishi mo‘ljallangan. Faqat buning uchun hukumat roziligi talab etiladi.
Shaharda bir necha kun qoladiganlar uchun ham xarajat oshishi mumkin. Ya’ni, ma’muriyat tomonidan mehmonxona va ijara xonadonlarida istiqomat qiluvchilar uchun ham soliqni oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA