Avstraliya hukumati jiddiy xavotirda
So‘nggi payt sun’iy intellekt mustaqil ravishda internetdan ma’lumot izlashi va turli raqamli tizimlar bilan ishlashi yangi imkoniyat bilan birga kiber xavfsizlikka oid xavfni ham yuzaga keltirmoqda.
Xususan, yaqinda Avstraliyada qayd etilgan hodisa juda ko‘p mamlakatlarni hushyorlikka undamoqda.
Bugun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh vaziri Entoni Albaneze “OpenAI” kompaniyasiga tegishli SI agenti 18-iyun kuni “Services Australia” tomonidan boshqariladigan “Medicare Statistics Reporting Service” portaliga ruxsatsiz kirganini haqida ma’lumot berdi.
Agent Avstraliya haqida ma’lumot izlash jarayonida portalning ochiq va yopiq fayllariga kirgan. “Medicare” dasturlari bo‘yicha statistika taqdim etadigan ushbu portalda sarf-xarajat, ommaviy tibbiy xizmat, emlash va dori-darmon bo‘yicha umumlashma ma’lumot mavjud. Tekshiruv hanuz davom etmoqda.
“OpenAI” o‘z agentiga mamlakatda dori-darmon uchun sarflanayotgan mablag‘ haqida ma’lumot to‘plash bo‘yicha vazifa bergan. Qidiruv vaqti vakil “Services Australia” portaliga kirgan. So‘ralgan ma’lumot taqdim etilmagach, agent mavjud xavfsizlik cheklovini aylanib o‘tib, oddiy foydalanuvchi uchun ochiq bo‘lmagan fayllarga kirgan.
Bosh vazir bu holatni qabul qilib bo‘lmaydigan hodisa, deya baholadi va “OpenAI” bosh direktori Sem Altman bilan suhbatlashib, Avstraliya hukumati voqeadan jiddiy xavotirda ekanini bildirgan. “OpenAI” esa so‘rovga uch oydan keyin javob bergan.
Holatning yana bir muhim jihati shundaki, qit’a-davlat hukumati hodisadan bir necha oy o‘tgach xabar topgan.
“OpenAI” ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya voqeani 11-avgust kuni modellarning kutilmagan faoliyatini tekshirish jarayonida aniqlagan. Binobarin, “Services Australia” jamoasiga bu haqda 10-sentabr kuni xabar berilgan.
Xabar ommaviy elektron pochta manziliga yuborilgan. “Services Australia” 11-sentabr kuni xabarni ko‘rib chiqqan va 15-sentabr kuni Avstraliya Signal direksiyasi Kiber xavfsizlik markaziga ma’lum qilgan. 19-20-sentabr kunlari esa Bosh vazir idorasi xabardor qilingan. Albaneze “OpenAI” tomonidan hukumatni xabardor qilish kechiktirilganini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, xabar berish usuli ham yetarli bo‘lmagan.
“OpenAI” vakili kompaniya Avstraliyaga oid savollarga javob izlash jarayonida modellar hukumatning bir necha sayti va xizmatiga murojaat qilganini aytgan.
Kompaniya ichki tekshiruvida modellar kutilmagan harakatni amalga oshirgani aniqlangan. “OpenAI” hozirgacha bemorlarning shaxsiy tibbiy ma’lumotiga kirilgani haqida dalil topilmaganini bildirgan. Kompaniya tekshiruvni davom ettirayotgani va tegishli tashkilotlarga texnik ma’lumot taqdim etayotganini qo‘shimcha qilgan.
Avstraliya hukumati hodisani kengroq o‘rganish uchun Bosh vazir departamenti, Signallar direksiyasi va SI xavfsizligi bo‘yicha idoralar xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzdi. Tekshiruv doirasida hodisa qanday sodir bo‘lgani, davlatning boshqa tizimlariga kirilgani ehtimoli, amaldagi qonunchilik ayni holatga nisbatan qanday chora ko‘rishi mumkinligi izchil o‘rganiladi.
Nodira Qayumova,
O‘zA