Vatanga xizmat — yuksak sharaf
Jizzaxda Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi va yurt obodligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan fidoyi insonlarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Viloyat hokimligida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda yillar davomida o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, jamiyat hayotida faol ishtirok etgan, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh jizzaxliklar sharaflandi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etib, mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi va ularni Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, bunday yuksak e’tirof zamirida inson mehnatiga berilgan oddiy baho emas, balki Vatanga sadoqat, kasbga fidoyilik va el manfaati yo‘lidagi tashabbuslarga bildirilgan yuksak ishonch mujassam. Zero, mamlakat taraqqiyotini raqamlar va bunyodkorlik bilan bir qatorda, ana shu o‘z ishiga vijdonan yondashadigan, yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan insonlar belgilaydi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, sanoat va zamonaviy infratuzilma sohalarida salmoqli o‘zgarishlar yuz berdi. Bu jarayonlarning har birida o‘z mehnati, bilimi va tashabbusi bilan hissa qo‘shayotgan insonlarni rag‘batlantirish esa jamiyatda mehnatga hurmat va daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-iyundagi tegishli Farmoniga muvofiq ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni ham ana shunday fidoyi yurtdoshlarga bildirilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir.

Taqdirlanganlar o‘zlariga ko‘rsatilgan yuksak ishonch va e’tirof uchun minnatdorlik bildirib, bu mukofotni yangi mehnat marralari sari undaydigan katta mas’uliyat sifatida qabul qilganini ta’kidlashdi. Ular mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida bundan buyon ham sidqidildan mehnat qilishga tayyor ekanini bildirishdi.

Marosimda davlat mukofotlari va esdalik nishonining har biri ortida insonning yillar davomidagi mehnati, izlanishi, tashabbusi va elga xizmat qilishdek ezgu intilishi borligi alohida qayd etildi.

Mustaqillik bayrami arafasidagi bunday e’tiroflar yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotgan har bir inson uchun katta ma’naviy rag‘batdir. Zero, mehnat qadrlangan joyda mas’uliyat ortadi, ezgu maqsadlar qanot yozadi. Bugungi mukofotlar esa Jizzaxda Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan insonlar safida yangi kuch va ishonch bilan mehnat qilish istagini yanada mustahkamladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari