«O‘zagrosug‘urta» AJda «Uch avlod uchrashuvi»: tajriba, qadriyat va kelajak sari
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «O‘zagrosug‘urta» AJda «Mustaqillikning 35 yilligi — Yangi O‘zbekiston yoshlari nigohida» shiori ostida «Uch avlod uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda jamiyat rahbariyati, faxriy xodimlar, tajribali mutaxassislar va yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi Jo‘rayev Javlonbek Norboboyevich Mustaqillikning 35 yilligi, yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, milliy qadriyatlar va avlodlar davomiyligi haqida ma’ruza qildi.

Faxriy vakillari o‘zlarining ko‘p yillik tajribasi va hayotiy saboqlari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga qimmatli tavsiyalar berdilar.
Shuningdek, tizimda uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy xodimlar e’tirof etilib, ularning mehnati va jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi yuksak qadrlanishi ta’kidlandi.

Samimiy muloqot, tajriba almashinuvi va ustoz-shogird an’analari mujassam bo‘lgan uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni yanada mustahkamladi.
O‘zA