Vatanga qasamyod - abadiy burch va sadoqat ramzi (+video)
Poytaxtimizning Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetiga yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarning Vatanga qasamyod qilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Markaziy devon ofitserlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari, Universitet rahbariyati, shuningdek, harbiy xizmatchilarning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Har bir askar o‘z burchiga sadoqat bilan xizmat qilishga so‘z berib, ularga Prezident sovg‘alari topshirildi. Qasamyod yakunida davlat madhiyasi muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jo‘r bo‘lib ijro etildi. Shundan so‘ng, mehmonlar tomonidan tabrik so‘zlari bildirildi. Unda yosh harbiy xizmatchilarga Vatanga sadoqat, xizmatga mas’uliyat va fidoyilik tilaklari bildirildi. Ota-onalar nomidan so‘zga chiqqanlar farzandlarining sharafli xizmat yo‘liga qadam qo‘yayotganidan faxrlanishlarini ta’kidladilar. Muddatli harbiy xizmatchilar nomidan bildirilgan nutqda esa, “O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilamiz!” degan qat’iy shior yangradi.
Tadbirning badiiy qismida universitet kursantlari tomonidan Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi hamda qo‘l jangi usullari, qurol bilan bajariladigan maxsus chiqishlar namoyish etildi. Harbiy orkestr ijrosida “Milliy gvardiya” qo‘shig‘i yangrab, tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerak-ki, harbiy sohada olib borilayotgan islohotlar tufayli bugun Armiyamiz yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabiga aylangan. Muddatli harbiy xizmat davomida askar faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik bilan cheklanib qolmaydi. Mamlakat ertasi bo‘lgan yoshlar kelgusida jamiyatda mustahkam o‘rin topishi uchun alohida kasbga tayyorlash bosqichidan ham o‘tadilar. Askarlarni bu imtihonlarga universitetning malakali professor-o‘qituvchilari tayyorlaydi.
Yosh askarlarimizga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida mustahkam sog‘liq, matonat va yuksak ruh tilaymiz. Yurtimiz tinchligi yo‘lida olib borayotgan sharafli xizmatlaringizda sizlarga omad va zafarlar yor bo‘lsin!
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Xn7QlTLcgnI?si=iYBrV53y2nhwn7-v" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA