O‘zbekistonda HRD sertifikatlash tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida “O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” doirasida seminar tashkil etildi.
Inson resurslarini rivojlantirish, xodimlar salohiyatini baholash, HRD sertifikatlash tizimining xalqaro standartlari va amaliyoti, baholash mezonlari, hisobot tayyorlash jarayonlari va amaliyotda qo‘llash mexanizmlarining ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Loyiha doirasida davlat tashkilotlari va korxonalarida ishlash uchun professional malakalarni aniqlash va tan olish maqsadida inson resurslarini sertifikatlashtirish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, HRD (HumanResourceDevelopment) – Inson resurslarini rivojlantirish tizimi. Bu xodimlarning malakasini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni o‘qitish va mansab pog‘onalarida o‘sishini ta’minlashga qaratilgan tizimli jarayondir.
N.Abduraimova,
O‘zA