Vatan sharafi uchun kurashish – oliy baxt
Munosabat Men O‘rta Chirchiq tumanidagi Choldor ovulida tug‘ilib o‘sganman. To‘qqiz yoshimdan yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanishni boshlaganman. O‘shanda kelgusida Jahon chempionatida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish nasib etishini tasavvur ham qilmagan edim. Biroq bolalikdan yurtimga munosib farzand bo‘lishni oldimga aniq maqsad qilganman.
Sport menga mehnat, intizom va matonatning ahamiyatini o‘rgatdi. Aslida har qanday yutuq ortida uzluksiz mashg‘ulotlar, mashaqqatli mehnat va katta sabr mujassam. Bu yo‘lda erishgan barcha natijalarimda oilamning, ayniqsa, onamning duosi va qo‘llab-quvvatlashi men uchun eng katta tayanch bo‘lib keldi. Har safar musobaqani kuzatar ekan, onamning ezgu tilaklari, buvimning duolari menga kuch va ishonch bag‘ishlaydi.

Yaqinda Prezidentimiz qaroriga asosan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Bu men uchun katta sharaf va yuksak mas’uliyat namunasi bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida musobaqalarda qatnashdim. Xususan, 2022-yil Italiyaning Rim shahrida o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdim. O‘sha kun nafaqat men, balki butun oilam uchun unutilmas xotira bo‘lib qoldi. Keyinchalik bildimki, onam musobaqani katta hayajon bilan kuzatib, g‘alabamdan ko‘zlariga yosh olgan ekan. Ana shunda har bir sportchining yutug‘i ortida uni qo‘llab-quvvatlagan yaqinlari turganini yanada chuqur his qildim.
2025-yil esa sportda eng muvaffaqiyatli mavsumlardan biri bo‘ldi. Shu davrda yetti marta chempionlikka erishdim. Eng muhimi, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, 24 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonga yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionligini qaytarish nasib etdi. Zagreb shahrida Yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, mamlakatimiz madhiyasi yangragan daqiqalar hayotimdagi eng unutilmas onlardan biri bo‘lib qoladi.
Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik sportchilar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bildirilgan ishonch, yaratilgan keng imkoniyatlar, shuningdek, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganim yangi marralar sari intilishim uchun kuchli rag‘bat bo‘ldi. “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb e’tirof etilganim ham men uchun ulkan sharaf.
Biroq eng qimmatli mukofot musobaqadan g‘alaba bilan qaytganimda onamning yuzidagi quvonchni ko‘rishdir. Zero, bugungi barcha yutuqlarim zamirida ota-onamning mehri, duosi va menga bo‘lgan cheksiz ishonchi mujassam.
Bugun yoshlarga orzu qilishdan cho‘chimaslik kerakligini aytmoqchiman. Oldingizga yuksak maqsad qo‘ying va unga erishish yo‘lida tinmay mehnat qiling. Vatanga muhabbat avvalo amaliy ishlar, halol mehnat va erishilgan yutuqlar bilan namoyon bo‘ladi. Men uchun eng oliy maqsad O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonlarda yanada baland ko‘tarish, xalqimizning ishonchini oqlash va “Mard o‘g‘lon” degan yuksak nomga munosib bo‘lib yashashdir.
Aytjan Xalmaxanov,
"Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti sohibi,
yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempioni.
O‘zA