V Paraosiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
Yaponiyaning Nagoya shahrida V yozgi Paraosiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. «Paloma Mizuho» stadionida tashkil etilgan tadbirda Yaponiya imperatori Naruxito ishtirokchilarni qutlab, musobaqani ochiq deb e’lon qildi.
Tantanali marosimda 45 ta mamlakat delegatsiyalari vakillari jam bo‘ldi. O‘zbekiston nomidan Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev va boshqa rasmiylar qatnashdi.
V yozgi Paraosiyo o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayrog‘ini parataekvondo bo‘yicha Olimpiya chempioni Asadbek Toshtemirov va paravelosport bo‘yicha jahon chempioni Marjona Pardaboyeva ko‘tarib chiqdi.




Xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan har ikki sportchi mamlakatimiz bayrog‘ini baland tutib, tantanali marosimda O‘zbekiston delegatsiyasini boshlab bordi.
O‘zbekiston terma jamoasi bu yilgi qit’a birinchiligida 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar parasportchi bilan ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibidan 77 nafar ayol sportchi o‘rin olgan. Shu jihatdan, jamoamiz o‘tgan “Xanchjou-2022” Paraosiyo o‘yinlariga nisbatan qariyb bir yarim barobar ko‘p parasportchi bilan qatnashmoqda.
Nagoyadagi musobaqalar hamyurtlarimiz uchun yangi yo‘nalishlarda ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etish maydoni bo‘ladi. Jumladan, o‘zbekistonlik sportchilar ilk bor para qilichbozlik, bochcha va para kamondan otish bo‘yicha bahslarda ishtirok etadi.
24-oktabrga qadar davom etadigan o‘yinlar dasturi 18 ta sport turini qamrab olgan bo‘lib, unda 492 ta medallar jamlanmasi uchun kurash kechadi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham qit’a maydonida munosib natijalar qayd etish uchun bellashuvlarga kirishadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA