Jahon chempionatida bokschilarimiz porlamoqda
Chernogoriyaning Budva shahrida 19 yoshgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Chempionatning -55 kg. vazn toifasidagi bahslarida ishtirok etayotgan Elyor Rustamov ilk jangini angliyalik Reuben Xutsmannga qarshi o‘tkazdi. Bellashuvda bokschimiz raqibini 5:0 hisobida taslim etdi. Shuningdek, -85 kg. vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Sardorbek Bahromxo‘jayev livanlik Adam Madaaranini birinchi raundda texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratdi.
Jahon chempionatining -50 kg. vazn toifasida Amirjon Subhonov meksikalik Gayel Rivasga kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugun, 19-oktabr kuni jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining quyidagi 4 nafar vakili ringga ko‘tariladi:
-54 kg: (qizlar): Shodiyona Meliqo‘ziyeva — Siryu Yan (Xitoy);
-60 kg (yigitlar): Muhammad Rizo Ukimov — Umar Ibaxiyev (Rossiya);
-70 kg: Zulfiqor Adhamjonov — Muhammad Monsef Benmazuz (Jazoir);
-75 kg: Suhrob Rahmatullayev — Ramazan Amir (Qozog‘iston).
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA