USCIRF AQSHni Hindistonga qarshi sanksiya qo‘llashga chaqirdi
Qo‘shma Shtatlarning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) Hindistondagi milliy va diniy ozchilik, jumladan musulmonlar, sikxlar, xristianlar va dalitlar huquqi muntazam ravishda buzilishini batafsil bayon qiluvchi hisobot e’lon qildi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Bosh vazir Narendra Modi hukumati 2014-yil hokimiyat tepasiga kelgandan beri mamlakat ozchilikka qarshi keskin chora va siyosatni kuchaytirgan.
Ma’lumotda mamlakatdagi mahbuslarning taxminan 70 foizi sudni kutayotgani, ular orasida musulmonlar va sikxlar nomutanosib ravishda ko‘pchilikligiga e’tibor qaratilgan. Sud jarayoni haddan ziyod ko‘pligi o‘n millionlab ish ko‘rib chiqilmagani ortidan battar og‘irlashmoqda. Shuningdek, komissiya sikx faollariga qarshi transmilliy qatag‘on, dalitlarga nisbatan kamsitish, sud roziligisiz ozchilik uylarini olib qo‘yish va buzish holatlarini qayd etgan. Bu amaliyot “Buldozer adolati” deb nomlangan.
USCIRF AQSH hukumatiga Hindistonni “alohida tashvishga sababchi mamlakat” sifatida belgilab, inson huquqi buzilishiga aloqador mansabdor shaxslarga nisbatan mablag‘ni muzlatish va viza cheklovini nazarda tutgan maqsadli sanksiya qo‘llashni tavsiya qildi.
S.Rahimov, O‘zA