Tramp: Kanada bizni yillar davomida aldab keldi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Kanadada ishlab chiqarilgan tovarlarni AQSHning davlat xaridlari tizimidan chiqarish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. U Kanadani amerikalik kompaniyalar va fermerlar uchun adolatli savdo sharoitlarini ta’minlamayotganlikda aybladi, deb xabar berdi Anadolu agentligi.
Trampning ta’kidlashicha, AQSHdagi sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga o‘z mahsulotlarini Kanada bozorida sotishga ruxsat berilmayapti. Shu bilan birga, Kanada AQSHning avvalgi prezidentlari davrida tuzilgan savdo kelishuvlari tufayli Amerika bozorida, jumladan avtomobil sohasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega.
«Kanada bizni yillar davomida aldab keldi. Ammo ko‘pchilik shuni bilmaydiki, Kanada hukumati AQSHning kichik biznes va kompaniyalariga davlat xaridlari bozorida o‘z mahsulotlarini sotishni taqiqlagan»,— deb yozdi Tramp.
«Bu o‘zaro hamkorlik emas, balki Kanadaning savdo nayrangidir. Bundan keyin kirish imkoniyatlariga chek qo‘yamiz», — dedi AQSH prezidenti. U Kanadaning AQSHdagi ulkan davlat xaridlari bozoriga keng kirish imkoniyati borligiga e’tibor qaratdi.
Tramp AQSHning Umumiy xizmatlar boshqarmasi va AQSH Savdo vakili idorasiga Kanadada ishlab chiqarilgan tovarlarni davlat xaridlari dasturlaridan chiqarishni topshirgan.
Bu chora Kanada amerikalik fermerlar va kompaniyalarga nisbatan adolat tamoyillariga to‘liq amal qilishni ta’minlagunga qadar amal qilishi aytilgan. Trampning ta’kidlashicha, ushbu davlat xaridlari dasturlarining yillik hajmi 50 milliard dollardan oshadi.
«Buni ko‘p yillar oldin to‘xtatish kerak edi», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA