Uran sanoati: ekologik xavfsizlik va raqamli yechimlar uyg‘unligi
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sanoatni modernizatsiya qilish va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan uran sanoati nafaqat mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, balki xalqaro bozorda O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi.
Markaziy Qizilqum bag‘rida joylashgan “Navoiyuran” davlat korxonasining “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni ana shunday yirik va istiqbolli sanoat maskanlaridan biri hisoblanadi. Mazkur maydon nafaqat O‘zbekiston uran sanoatining poydevori, balki bugungi kunda eng zamonaviy texnologiyalar va matonatli insonlar mehnati birlashgan yuqori samarador ishlab chiqarish majmuasi hisoblanadi.

– Davlatimiz rahbarining iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish hamda mineral xomashyo resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan vazifalari bugun uran sanoatida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda, – deydi “Navoiyuran” davlat korxonasi “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni boshlig‘i Farid Bozorov. – Xususan, mamlakatimizda tabiiy uran ishlab chiqarish hajmini 2030-yilga qadar uch baravarga oshirish bo‘yicha belgilangan strategik vazifalar “Navoiyuran” davlat korxonasi zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Bu jarayonda “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonining o‘rni alohida ahamiyatga ega. Ayni paytda korxonada ishlab chiqarilayotgan tabiiy uranning qariyb 47 foizi aynan ushbu maydon hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa uni mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi va eksport salohiyatini ta’minlashdagi eng muhim sanoat ob’ektlaridan biriga aylantirgan.
Islohotlarning yana bir muhim jihati ishlab chiqarishga raqamli va ekologik xavfsiz texnologiyalarni keng joriy etishdir. “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonida dunyoda eng xavfsiz va ekologik toza usullardan biri sifatida e’tirof etilgan yer ostida tanlab eritish texnologiyasi qo‘llanilmoqda. Geologlar va muhandislar maxsus 3D modellashtirish dasturlari orqali konlar holatini onlayn kuzatib, texnologik jarayonlarni raqamli boshqaruv asosida nazorat qilmoqda. Bu esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni qisqartirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Har qanday taraqqiyotning asosida inson kapitali turadi. Bugun “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonida 1850 nafardan ortiq yuqori malakali xodim mehnat qilmoqda. Geologlar, burg‘ilovchilar, muhandislar, kimyogarlar va texnologlar Qizilqumning murakkab iqlim sharoitida mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash yo‘lida munosib hissa qo‘shmoqda.
Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ham amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra reja 134 foizga bajarildi, burg‘ilash ishlari esa 228,2 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan 171 foizlik o‘sish sur’ati ta’minlanganini anglatadi. Bunday natijalar zamonaviy boshqaruv, texnik qayta jihozlash va mehnat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning mantiqiy samarasidir.
So‘nggi yillarda geologiya-qidiruv ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Qizilqoq” koni “Navoiyuran” davlat korxonasining eng istiqbolli loyihalaridan biri sifatida shakllanmoqda. Ushbu konda 5 ta mahalliy sorbsion qurilma, 5 ta kislorod stansiyasi ishga tushirildi. Agar avval quduqlar soni 23 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni 610 taga yetkazildi. Shuningdek, 22 kilometrlik 35 kV elektr uzatish tarmoqlari hamda ikkita bosh pasaytiruvchi podstansiya barpo etildi. Bu o‘zgarishlar ishlab chiqarish quvvatini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
Yangi ish o‘rinlari yaratish ham davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Shu maqsadda 2026-yil 1-apreldan “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni tarkibida “Zarafshon” geotexnologik koni tashkil etildi. Natijada hudud yoshlari uchun yangi doimiy ish o‘rinlari ochildi. Xususan, 150 nafar burg‘ilash qurilmasi mashinisti, 50 nafar mashinist yordamchisi hamda 50 nafar geotexnologik quduq operatori ish bilan ta’minlandi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Infratuzilmani rivojlantirish ishlari ham izchil davom etmoqda. “Uchquduq” va “Sharqiy qanot - 2” konlarida mahalliy sorbsion qurilmalar hamda 280 ta so‘ruvchi quduq ishga tushirildi. Elektr ta’minotini mustahkamlash maqsadida 14 kilometrlik yangi elektr uzatish tarmoqlari qurildi. “Shaxta” maydonida esa 85 ta yangi so‘ruvchi quduq foydalanishga topshirildi.
Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish ham muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. Buning natijasida sulfat kislota ishlab chiqarish sexida polietilen quvurlar ishlab chiqarish uchastkasi tashkil qilinib, diametri 50 millimetrli quvurlar mahalliylashtirildi. Ayni vaqtda “Djasaga” konida Yaponiyaning JOGMEC kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda.
Yangi O‘zbekiston islohotlarida inson qadri ustuvor tamoyil sifatida belgilangan. Bu tamoyil “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonida ham o‘z ifodasini topgan. Vaxta shaharchasining zamonaviy ko‘rinishda qayta barpo etilishi, xodimlar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarining yaratilishi, ijtimoiy infratuzilmaning takomillashtirilishi mehnat unumdorligini oshirish bilan birga inson omiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy tasdig‘idir.
Xullas, “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni bugungi kunda nafaqat sanoat maskani, balki yangi O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi va ilmiy-texnologik yuksalishini namoyish etuvchi yorqin timsoldir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri