Ijtimoiy sohada mas’uliyat kuchaytirildi
Jizzax viloyatida ijtimoiy sohalardagi mavjud muammolarni bartaraf etish, yangi o‘quv yili hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi ustuvor vazifalar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev raisligida maktabgacha va maktab ta’limi, kasbiy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, mavjud muammolar, yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda davlatimiz rahbarining tegishli qaror va farmonlari ijrosi, hududlarda olib borilayotgan ishlar natijadorligi, sohalarda uchrayotgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etishning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilindi.

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida bitiruvchilarni oliy ta’limga tayyorlash sifatini oshirish, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, “Jasorat maktablari” faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim muassasalarini zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.

Kasbiy ta’lim sohasida esa dual ta’lim tizimini yanada kengaytirish, texnikumlarning ish beruvchilar bilan hamkorligini mustahkamlash, byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, moddiy-texnika bazasini kuchaytirish hamda yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ortda qolayotgan hududlar va mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli vaqt qolgani qayd etilib, barcha ta’lim muassasalarida ta’mirlash va jihozlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, isitish tizimlarini shay holatga keltirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan maxsus ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar har hafta viloyat hokimi tomonidan shaxsan nazorat qilib borilishi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasida tibbiyot muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, qurilish va ta’mirlash ishlarining borishi, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, skrining tadbirlari qamrovini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarining ijrosi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga aniq muddatlar va vazifalar belgilab berildi. Aholini rozi qilish, ta’lim va tibbiy xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish, yoshlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan ishlar sur’atini oshirish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri