Universitetda Navro‘z sayli (+video)
Navro‘z — bu nafaqat qadimiy bayram, balki xalqlarimizni birlashtiruvchi, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi bebaho qadriyat. Bu bayram azaldan nafaqat o‘zbek, balki qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman va ozarbayjon kabi xalqlarni birlashtirib kelayotgan umuminsoniy qadriyat sifatida qadrlanadi va keng nishonlanadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida bayram sayli bo‘lib o‘tdi.
Unda Ozarbayjon, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Turkiya davlatlari Favqulodda va muxtor elchilari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida turli davlatlarning boy madaniy merosini aks ettiruvchi chiqishlar namoyish etildi. Yurtimizning milliy lapar va jonli ijro dasturlari tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.
Tadbir doirasida bayram sayli tashkil etilib, mehmonlar uchun milliy taomlar, madaniy ko‘rgazmalar va interaktiv dasturlar taqdim etildi.
Tashkil etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasida o‘zbek xalqiga xos mehmondo‘stlik va pazandachilik an’analari uyg‘unlashib, bayram dasturxoniga alohida fayz bag‘ishladi.
Shuningdek, sportning milliy kurash turi bo‘yicha talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar, arqon tortish bellashuvlari ishtirokchilarda sog‘lom raqobat va jamoaviylik tuyg‘usini mustahkamladi. Osmonda hilpiragan rang-barang varraklar esa Navro‘z shukuhini yanada jozibador namoyon etdi.
Mazkur bayram tadbiri Navro‘zning asosiy qadriyatlari — do‘stlik, hamjihatlik, madaniy xilma-xillik va o‘zaro hurmatni yana bir bor namoyon etdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YGfffZRBlgk" title="Universitetda Navro‘z sayli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulnoza Boboyeva,
Oybek Davronov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA