Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Samarqandda
Samarqand shahrida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov yurtimizga tashrif buyurgan Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda keyingi yillarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari tibbiyot sohasida ham o‘z samarasini berayotgani qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 29-yanvar kuni Turkiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida sog‘liqni saqlash, ta’lim va harbiy tibbiyot sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolanishi bu yo‘nalishdagi aloqalar rivojiga yangicha sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Vazirlar avvalgi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning bugungi holati va hamkorlikning keyingi bosqichi yuzasidan o‘zaro fikr almashdi. Xususan, yurtimizda yangi davolash muassasalarini qurish, tibbiy ta’lim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar haqida so‘z bordi.
A.Xudoyorov turkiyalik ekspertlar ishtirokida ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilgan mahorat darslari samaradorligini yuqori baholadi. 100 nafardan ortiq vakillarimizning Turkiyada malaka oshirishi uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Toshkentda tashkil etilgan zamonaviy onkologiya markazida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida samarali menejment tizimi joriy qilinib, muassasaga turkiyalik tajribali mutaxassis Kaya Sedat direktor etib tayinlangani markaz boshqaruvida yuqori natija berayotganini qayd etdi.
Uchrashuvda Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikasi bazasida davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etishga qaratilgan umumiy qiymati 500 mln dollarlik loyihani amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazirlar buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi yuqori texnologiyali operatsiyalarni birgalikda amalga oshirish, tibbiy kadrlar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, joriy yil yakuniga qadar uchinchi O‘zbekiston – Turkiya tibbiyot forumini o‘tkazish yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Kemal Memishoglu O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori sur’atda davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.
[gallery-28660]
Uchrashuvdan so‘ng Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri o‘zbekistonlik hamkasbi hamrohligida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda amalga oshirilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari va ushbu jarayonda foydalanilayotgan zamonaviy tibbiy jihozlar, xodimlar bilim va malakasini oshirish borasidagi tajribalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu Samarqandga tashrifi davomida ushbu davlatning qadimiy shahardagi Bosh konsulxonasida ham bo‘ldi, tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari