Turkiya qirg‘og‘ida navbatdagi noma’lum dron topildi
Turkiyaning Qora dengiz sohilida yana harbiy dron topildi. Bunday holat tez-tez takrorlanishi mintaqadagi xavfsizlik va harbiy vaziyatga oid savollarni yanada kuchaytirmoqda.
Qora dengiz bo‘yida joylashgan Bartin muzofoti Kurukashili tumani qumli sohilida harbiylashtirilgan uchuvchisiz uchoq topildi. Voqea joyiga yetib kelgan jandarmeriya xodimlari darhol hududda evakuatsiya amaliyotini o‘tkazdi va xavfsizlik chorasini kuchaytirdi. Hozircha ushbu dron qaysi davlat yoki tashkilotga tegishliligi aniqlanmagan.
Turkiyada bunday holat avval ham kuzatilgan. Shu yil mart oyida Ordu shahri yaqinidagi sohilda ham boshqaruvchisiz qayiq topilgan va mutaxassislar tomonidan zararsizlantirilgan edi. Oradan bir necha oy o‘tib, Samsun shahrida ham dron qulagani haqida xabar tarqaldi. Keyinroq mahalliy matbuot qurilma Ukrainaga tegishli bo‘lishi mumkinligini yozdi.
O‘tgan yil sentabrda esa Trabzon muzofotida 300 kilogramm portlovchi modda ortilgan dron-qayiq ko‘zga tashlandi. Ekspertlar fikricha, Buyuk Britaniya tomonidan Ukrainaga taqdim etilgan “Wasp” va “Snapper” tasnifidagi dronlarga o‘xshash mazkur aslahalarning Qora dengizda paydo bo‘lishi hududdagi harbiy vaziyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA